GO’SHT-SUT VA OZIQ-OVQAT NAZORATI STANTSIYASI

GO’SHT-SUT VA OZIQ-OVQAT NAZORATI STANTSIYASIDA apat veterinariya muassasasi; dehqon bozorlarida sotiladigan hayvon va o’ssimliklar mahsulotlari (go’sht, go’sht maxsulotlari, baliq, sut, tuxum, don, sabzavot, poliz mahsulotlari va boshqalar)ni veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o’tkazadi. Shuningdek, stansiya xodimlari mol bozorlarida sotiladigan chorva va parrandalar sog’lig’ini ham nazorat qiladi. Chorvachilik, dehqonchilik va oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini, bozor hududi, sotish joylari, savdo-sotiq jihozlari hamda baza, ombor, muzxonalar tozaligini tekshirib turadi. Sotishga yaroqli mahsulotlarga veterinariya nazoratidan o’tganligini bildiruvchi tamg’a bosadi. Sifatsiz mahsulotlarni sotishga ruxsat bermaydi. Stansiya aholi o’rtasida veterinariya- sanitariya masalalari bo’yicha targ’ibot ishlarini olib boradi, bozorda sotishga mo’ljallangan mahsulotlarda uchragan yuqumli va invazion kasalliklar (kuydirgi, sil, finnoz, trixinellyoz) to’g’risida tuman bosh veterinariya vrachiga o’z vaqtida axborot beradi. Bunday nazorat stansiyalari 1957 yilda sog’liqni saqlash muassasalari ixtiyorida bo’lgan go’sht nazorati hamda sut nazorati stansiyalarining qo’shilishi natijasida tashkil etilgan. Stansiyalar ishiga respublika qishloq va suv xo’jaligi vazirligi veterinariya bosh boshqarmasi rahbarlik qiladi. Fatxulla Ibodullayev.