JO’XORI
JO’XORI (Sorghum Pers.) — g’alladoshlar (g’allagullilar) oilasiga mansub bir va ko’p yillik o’simliklar turkumi, don va yem-xashak ekini. Jo’xorining 50 ga yaqin yovvoyi va madaniy turi bor. Donli Jo’xori (S. cernuum; oq jo’xori, Qo’qon jo’xori, gaolyan va boshqalar), shirin Jo’xori (S. saccharatum), durra (S. durra), supurgi Jo’xori (S. technicum), o’tsimon Jo’xori (Sudan o’ti — S. Sudanense, o’tsimon Jo’xori — S. almum) kabi bir yillik turlari ko’proq ekiladi. Vatani — Markaziy Afrika. Miloddan avvalgi 4-3-ming yillikdan beri ekib kelinadi. Eron, Hindiston, Xitoy, AQShda va Afrika, Okeaniya, Avstraliya, O’rta Osiyo, Ukraina Janubda ekiladi. Jahon bo’yicha Jo’xori ekin maydonlari 43,6 million gektardan ortiq, yalpi hosili 68,2 million tonna, hosildorligi 14,4 tsentner/gektar. O’zbekistonda ekin maydoni 9 ming gektar (1999). Jo’xorining ildiz tarmog’i popuk ildiz bo’lib, asosiy qismi yerning haydalma qatlamida rivojlanadi, ayrim ildizlar esa 2,5 metr chuqo’rlikka kirib boradi. Poyasi somon poya, bo’yi 0,5—7 metrgacha, o’rtacha 2-3 metr, poyaning ichi g’ovak parenxima to’qimalari bilan to’lgan. Poyasi tuplanadi (1-8). Bargi keng, 10-25 ta bo’ladi. To’pguli ro’vak, uzunligi 15-60 santimetr, yon shoxlari uchlarida 2 ta boshoqcha chiqaradi, bittasida meva hosil bo’ladi. Jo’xori chetdan changlanadi. Doni qobikli va qobiqsiz, dumaloq, tuxumsimon; rangi oq yoki sariq. 1000 ta doni vazni 20-70 gramm. Donining tinim davri yo’q, hosil yig’ilgandan so’ng ekish mumkin. Jo’xori muhim don ekini, doni oziq- ovqatga ishlatiladi. Donidan yorma, un, spirt, kraxmal tayyorlanadi, unidan non yopiladi, mol va parrandalarga to’yimli em sifatida beriladi. Ko’k massasi siloslanadi. Doni to’yimli, tarkibida 65-75% kraxmal, 10-15% oqsil (lizin), 3,5% gacha yog’ bor. 100 kilogramm Jo’xori doni 119 ozuka birligiga teng. 100 kilogramm ko’k massasida — 23,5, silosida — 22, pichanida — 49,2 ozuqa birligi bor. Poya shirasida 10-15% qand bo’lib, shinni ishlab chiqariladi. Supurgibop Jo’xoridan supurgilar va cho’tkalar tayyorlanadi. Jo’xori takroriy ekin sifatida ham ekiladi. Jo’xori bir yillik o’simlik. Qurg’oqchilikka va issiqlikka chidamli. Tuproq va havo qurg’oqchiligiga bardosh beradi. Maysasi —G da nobud bo’ladi. 30-40° haroratga chidaydi. Yorug’sevar, qisqa kun o’simligi. Tuproqqa talabchan emas, ammo g’ovak tuproklarda yaxshi o’sadi. Sho’rga chidamli, o’suv davrining boshlanishida sekin o’sadi. Ekilgan urug’lar 10-15 kunda maysalaydi, 25-30 kundan keyin to’planadi, 40 — 50 kunda nay o’rash davriga kiradi, ro’vak chiqarish davri 55-65 kunga boradi, ro’vak chiqarishdan 5-6 kundan keyin gullash boshlanadi. O’suv davri 75-100 kun. Jo’xori g’o’za, no’xat, boshqa dukkakli ekinlardan bo’shagan erlarga ekiladi. Chimqirqar plug bilan 28— 30 santimetr chuqurlikda shudgor qilinadi. Yer qurigan bo’lsa shudgordan oldin sug’oriladi. Shudgorlashdan oldin gektariga 10-15 tonna go’ng, 50-60 kilogramm fosfor, 40-50 kilogramm kaliy solinadi. Bahorda (aprel—may) harorat 13-15° bo’lganda keng qatorlab ekiladi (qator orasi 60, 70 santimetr). Urug’lik ekish normasi 5-10 kg/ga, ekish chuqurligi 3-5 santimetr, ko’chat qalinligi har gektarda 70-100 ming tupga boradi. Qator oralariga 2-3 ishlov beriladi. Sug’oriladigan maydonlarda 25-30 ts/ga don, 300-400 ts/ga ko’k massa beradi (intensiv texnologiya usullari qo’llanilganda 100-115 ts/ga don, 1000-1200 ts/ga ko’kpoya). Navlari. O’zbekistonda Jo’xorining 3 turi (donli Jo’xori, shirin Jo’xori va supurgi Jo’xori guruxlari) ko’proq Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari, Farg’ona va Mirzacho’lning sug’oriladigan sho’r yerlarida o’stiriladi. Sug’oriladigan maydonlarda kattabosh, Chillaki, O’zbekiston 5, Sangzor, O’zbekiston 18, karlik (pastak) va boshqa navlari ekiladi. Jo’xori zararkunandalari: bitlar, simqurtlar, tunlamlar, poya parvona-si, karadrina; kasalliklari : chang qorakuya, poya va ildiz chirishi, bakteriozlar. Halima Otaboyeva.