ADENOZINTRIFOSFAT KISLOTA, ATF

ADENOZINTRIFOSFAT KISLOTA, ATF — adenin, riboza va uch molekula fosfat kislotadan tarkib topgan organik modda. Adenozintrifosfat kislota organizm xujayralarida doimo sintezlanib va iste’mol qilinib turadi. Adenozintrifosfat kislota o’zining pirofosfat bog’larida ko’p energiya saqlaydi (makroergik bog’lar). U xujayra mitoxondriya moddalarning aerob va anaerob oksidlanishi natijasida ajralib chiqqan energiyani fosforlash yo’li bilan makroergik fosfat bog’lari shaklida to’playdi va organizmning energiyaga ehtiyoji bo’lgan hamma jarayonlarini energiya bilan ta’minlaydi. Adenozintrifosfat kislota parchalanishi natijasida 8— 11 kkal/mol energiya ajralib chiqadi. U muskullardan, achitqidan olinadi, sintetik usulda ham tayyorlanadi.