GABR QAL’A

GABR QAL’A, Gavr qal’a — O’rta Osiyodagi qadimgi qal’alar xarobasi. Islom dini tarqalgunga qadar (8-asr) O’rta Osiyo aholisi otashparastlik (zardushtiylik) diniga e’tiqod qilgan bo’lib, ularni «gabr» yoki «mug'» deb ataganlar. Gabrlar xo’jalik va harbiy mudofaa uchun ko’plab qal’a va qo’rg’onlar barpo etganlar. Otashparastlarning qal’a va qo’rg’onlari vayronaga aylanib asl nomi yo’qolib ketgach, aholi o’rtasida ular «gabr qal’a» yoki «gabrlar qal’asi» deb ataladigan bo’lgan. Hozirgi arxeologik qazishlar natijasida O’rta Osiyo xududida shunday qal’alarning o’nlab qoldiqlari topib o’rganilgan: 1) Marv (Turkmanistondagi hozirgi Mari yaqinida) shahrining eng qadimgi qismi xarobasi, parfiyaliklar yashagan Murg’ob vohasining markazi. Maydoni 3,5 km2. Shimol qismida qal’a qo’rg’oni joylashgan. Arxeologik qazishlar paytida metall buyumlar ishlanadigan ustaxonalar, ibodatxona, ko’shk qoldiqlari va tegirmonchilar guzari ochilgan. 8— 9-asrlarga keltanda Marv shahrining markazi Sulton qal’aga ko’chib, Gabr qal’a arki xarobaga aylanadi. Shunga qaramay, kulolchilar mahallasida hayot yana ancha yillar davom etgan. Gabr qal’ada 8-9-asrlarga mansub masjid xarobasi ham topilgan; 2) Amudaryoning o’ng qirg’og’idagi Sulton Uvays tog’ining etagi (Qoraqalpog’istonning Beruniy tumani) da joylashgan qal’a xarobasi. Qadimgi Xorazm madaniyatiga aloqador bo’lib, 4-asrda qurilgan. Maydoni 200×450 m2 atrofida. Kushonlar davlatining shim. tomondagi tayanch istehkomi bo’lib, Amudaryoda kemalar qatnovini nazorat qilib turgan. Qal’a paxsa va xom g’ishtdan tiklangan bo’lib, qalin devor bilan o’rab olingan; ikki qavatli shinakxonalarga ega bir necha minorasi bor. Qazish paytida uy-joy qoldiqlari, devorlari nakshlangan zal, tosh poydevorli ustunlar qoldig’i va haykallar topilgan; 3) Chirmanyob kanalining quyi qismi (Turkmanistonning Toshhovuz viloyati)da joylashgan qad. Xorazm madaniyatiga oid qal’a xarobasi. Miloddan avvalgi 1-asrda qurilgan. Maydoni 450×125 m2. Bu yer qadimda obod voha bo’lib, dovon o’zanida suv qurigandan keyin xarobaga aylangan. 5-6-asrlarda Xorazm hukmdorlari Gabr qal’aning bir qismini yangidan tiklab, undan harbiy istexkom sifatida foydalanganlar. Aholi quduqlardan ham foydalangan. Gabr qal’a tepaligining ustida 3-4-asrlarga mansub Ark qoldig’i hozirgacha saqlangan. Ad.: Tolstoe S. P» qadimgi Xorazm madaniyatini izlab, T., 1964.