ADNEKSIT
ADNEKSIT (salpingoofarit) — bachadon naylari va tuxumdonning yallig’lanishi. Kasallikni turli patogen mikroblar — stafilokokk, streptokokk va boshqalar qo’zg’atadi. Mikroblar bachadon ortiklari (tuxumdon va bachadon naylari) ga abort, tug’ruq, jinsiy aloqa vaqtida, turli infektsion kasalliklar (sil, angina, ichki a’zolarning yallig’lanishi) da esa boshqa a’zo va to’qimalardan qon va limfa tomirlari orqali o’tadi. Sovqotish, o’ta toliqish, ruhiy iztirob, orastalik qoidalarining buzilishi kasallikning avj olishiga imkon beradi. O’tkir va surunkali Adneksit farq qilinadi. O’tkir Adneksitda qorinning pastki va quymich sohasida og’riq, ko’ngil aynishi, qusish, harorat ko’tarilishi kuzatiladi. Kasallik og’ir kechganda bemorning umumiy ahvoli og’irlashadi. Surunkali Adneksit tez-tez qaytalanib turadi. Bachadon naylari yallig’lanishi natijasida ular chandiqlanib, to’silib qoladi, bu esa bachadondan tashqari homiladorlik yoki bepushtlikka sabab bo’ladi.