AJAL VODIYSI
AJAL VODIYSI (DeathValley) -AQSh Janubiy-g’arbida joylashgan Moxave cho’lidagi (Kaliforniya shtati) tog’ oralig’i botig’i. Amargosa va Panamint tizmalari oralig’idagi suvsiz joy. Uzunligi 250 km chamasida, maydoni qariyb 840 ming gektar. Yer kurrasidagi eng chuqur joylardan biri (dengiz sathidan 85 metr past) va qaqragan cho’l. Shim. Amerikadagi eng past joy. Havoning mutlaq maksimum temperaturasi 56,7° (G’arbiy yarim sharda eng yuqori). 1849 yilda bu yerda bir guruh oltin qidiruvchilar tashnalikdan nobud bo’lganligidan vodiy shunday nom olgan. Milliy tabiat yodgorligi sifatida 1933 yildan muhofaza qilinadi.