AZIMOVA
AZIMOVA Xosiyat (1919.25.7, Jizzax) — aktrisa. O’zbekiston xalq artisti (1981). Ijodiy faoliyatini «Ko’k ko’ylak» to’garagida boshlagan (1932). 1937 yildan Kattaqo’rg’on shahri teatrida, 1966 yildan Jizzax teatrida aktrisa. Eng yaxshi rollari: Halima («Halima»), Nigor («G’unchalar»), Jamila, Rahima xola («Boy ila xizmatchi»), Oyxon, Maysara («Maysaraning ishi»), Ruzvon («Yurak sirlari»), Jannat («Qaynona»), Huriniso («Oltin devor») va boshqalar.
AZIMOVA Shahnoza Sodiqovna (1951.8.8, Toshkent) — O’zbekiston Respublikasi fan arbobi (1999). Biologiya fanlari Doktori (1988), professor (1993). Toshkent davlat universitetining kimyo fakultetini bitirgan (1972). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi o’simlik moddalari kimyosi institutida laborant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim (1972-79), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi biokimyo institutida ilmiy xodim (1979— 92), 1992 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Genetika va eksperimental biologiya institutida molekulyar genetika laboratoriya mudiri. Ilmiy ishlari molekulyar biologiya, genetika, rekombinat oqsillar olishga oid. Azimova normal va rak holatida tireoid gormonlar reseptorlarini o’rgangan.