AZOR ANTISIKLONI

AZOR ANTISIKLONI — Atlantika okeanining shimoliy yarim shardagi subtropik va tropik qismi ustidagi yuqori atmosfera bosimi oblasti. Markazi — 35-parallelda, Azor orollari yaqinida. Azor antisiklonining bir tarmog’i qishda Saxroi Kabirga, yozda esa O’rta dengizga va Janubiy Yevropaga kirib boradi. Azor antisiklonining markazida bosim yanvarda 1022 MB dan yuqori, iyulda 1025 MB dan ziyod. Azor antisikloni okeanning shu qismida butun yil davomida tsiklonlarga nisbatan antisiklonlarning ko’p bo’lib turishidan vujudga keladi. Azor antisikloni Shimoliy Tinch okean antisikloni bilan Shimoliy yarim shardagi dengiz tropik havo massalarining markazi hisoblanadi. Bu havo massalarining Atlantika qutbiy frontida qutb havo massalari bilan o’zaro to’qnashishi natijasida okean ustida ko’plab tsiklonlar vujudga keladi, bu esa Yevropa ob-havosi va iqlimiga kata ta’sir ko’rsatadi. Azor antisiklonining ichki qismida bulut kam, havo quruq bo’ladi. Azor antisiklonining ancha quyi kengliklarida, ekvatorga yaqin joylarida shim. Atlantika Passat shamollari esib turadi.