BUXGALTERIYA HISOBI VA HISOBOTINI TARTIBGA SOLISH

BUXGALTERIYA HISOBI VA HISOBOTINI TARTIBGA SOLISH — buxgalteriya hisobini to’g’ri tashkil etish, uning aniqligi va yagonaligini ta’minlaydigan asosiy shartlardan biri. Buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish, buxgalteriya hisobi standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish hisobning yagona metodologiyasi, turli korxonalarda bir xil xo’jalik muomalalarini aks ettirishning yagona usullari, xo’jalik mablag’larini yagona baholash, dastlabki hujjatlar, hisob registrlari va hisobotning yagona shakllarini qo’llashni ta’minlaydi. Bu, o’z navbatida, buxgalteriya hisobini samarali tashkil etish, kam mehnat sarflab, korxona faoliyati to’g’risida real ko’rsatkichlar olishni ta’minlaydi. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan umumdavlat hisob siyosati asosida har bir tarmoq bo’yicha hisob siyosati ishlab chiqiladi.