AYB
AYB (huquqda) — javobgarlikka tortishning zarur sharti. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxs qonuniy tartibda aybi sudda oshkora ko’rib chiqilib, aniqlanmaganiga qadar Aybli emas, deb hisoblanadi (O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasi). Jinoyat sodir etishda Aybdor deb topilgan shaxs qonunda belgilangan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 4-moddasi). Jinoyat sodir etishda Aybdor bo’lgan shaxsga nisbatan qo’llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo’lishi, ya’ni jinoyatning og’ir-yengilligiga, Aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo’lishi, hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 8-moddasi). Ma’lum yoshga to’lgan, aqli raso shaxs qonunda belgilangan tartibda Aybi isbotlangan va O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi bilan taqiqlangan ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) uchungina javobgar bo’ladi, shuningdek qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart (8-10-; 14-; 16-18-moddalar). O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida nazarda tutilgan jinoiy qilmishni shaxs qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etishda Aybli deb topilishi mumkin (20-23-moddalar). Agar shaxs o’z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglamagan, anglashi mumkin va lozim ham bo’lmagan yoki uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko’zi yetmagan va ishning holatlariga ko’ra ko’zi yetishi mumkin va lozim ham bo’lmagan bo’lsa, bunday qilmish Aybsiz holda sodir etilgan deb topiladi (24-modda). Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish shaxsning javobgarligini va uni Aybli deb topishni istisno qiladi. Jinoyatni oxiriga yetkazishdan ixtiyoriy qaytgan shaxs, agar amalda sodir etgan qilmishida boshqa jinoyat tarkibining barcha alomatlari bo’lsa, shu jinoyat uchun javobgarlikka tortilishi va Aybli deb topilishi mumkin (O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 26-moddasining 1-2-3-qismlari). O’zbekiston Respublikasi JPK 2-moddasi talabiga ko’ra, Jinoyat-protsessual qonun hujjatlarining vazifalaridan biri Aybi bo’lmagan hech bir shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi shartligi to’g’risida ko’rsatma berishdir. Buning uchun surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligi, uning sodir etilishida kim Aybdorligini, shuningdek u bilan bog’liq barcha holatlarni aniqlashi shart (O’zbekiston Respublikasi JPK 22-moddasining 1-qismi). Gumon qilinuvchi, Ayblanuvchi va sudlanuvchi jinoyat ishi qo’zg’atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o’tkazilgan ish bo’yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo’lsa, uning qilmishida jinoyat tarkibi bo’lmasa va uning sodir etilgan jinoyatga daxli bo’lmasa, Aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya qilinishi shart (O’zbekiston Respublikasi JPK 83-modda). Gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi ko’rsatuvlari va Ayblanuvchining o’z aybiga iqror bo’lishi mavjud to’g’ri, e’tirozsiz va xolis dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina uni Ayblash, sud tomonidan Aybli deb topish uchun asos bo’la oladi (O’zbekiston Respublikasi JPK 112-moddasining 1-qismi). Aybni bo’yniga olish to’g’risidagi ariza ushbu Kodeksning 12-moddasi asosida baholanib, u to’g’ri, haqqoniy, e’tirozsiz va xolis dalil deb topilgandagina sudlanuvchini Aybli deb topish uchun asos qilib olinishi mumkin. Shaxsni to’la yoki qisman reabilitasiya etilishining mulkiy va boshqa oqibatlari O’zbekiston Respublikasi JPKning 302-313-moddalarida batafsil ko’rsatilgan. Jinoyat ishi bo’yicha dastlabki tergov tamomlanib ish Ayblov xulosasi bilan sudga yuborilganda, sud (sudya) O’zbekiston Respublikasi JPK 396-moddasining 2-bandi talabiga ko’ra, unda Ayblanuvchining reabilitatsiya etish asoslari mavjud bo’lsa, ishni sudda ko’rish uchun tayinlamasdan uni tugatish to’g’risida ajrim chiqarishi lozim. Reabilitatsiya asoslari ish sudda ko’rish uchun tayinlangandan so’ng ma’lum bo’lsa, ishni tugatish ushbu Kodeksning 401-moddasi talabi asosida hal qilinadi. Sud (sudya) ish bo’yicha ayblov hukmi chiqarsa, ushbu hukmda sudlanuvchini O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (jinoyatlarni) sodir etganlikda Aybli deb topish masalasini hal qilishi lozim (O’zbekiston Respublikasi JPKning 457-moddasi). Agar sud ish bo’yicha oqlov hukmi chiqarsa, sudlanuvchini Aybli deb topishi mumkin emas (O’zbekiston Respublikasi JPKning 464, 470-moddalari). Agar oqlangan sudlanuvchi qamoqda bo’lsa, u oqlov hukmi e’lon qilinishi bilan qamoqdan ozod etilishi lozim (474-modda).