AYBLANUVCHI
AYBLANUVCHI — O’zbekiston Respublikasi JPKda belgilangan tartibda Ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilinishi xakida ayblov qarori chiqarilgan shaxs. Bunday qaror tergovchi yoki prokuror tomonidan chiqariladi (Kodeksning 45-, 361-moddalari). Ushbu Kodeks 46-moddasi 1-qismining talabiga ko’ra Ayblanuvchi o’zining nimada ayblanayotganini bilish; o’ziga qo’yilgan ayblov yuzasidan va ishning boshqa har qanday holatlari bo’yicha ko’rsatuv va tushuntirish berish; o’z ona tilidan va tarjimon xizmatidan foydalanish; himoyachiga ega bo’lish va u bilan holi uchrashish; huquqlarini himoya qilishni shaxsan o’zi amalga oshirish; iltimosnoma berish va rad etish; dalillar taqdim qilish; tergovchi yoki surishtiruvchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; dastlabki tergov tamom bo’lganidan so’ng ishning barcha materiallari bilan tanishib chiqish va undan kerakli ma’lumotlarni yozib olish; tergovchi yoki prokuror tomonidan jinoyat ishining tugatilganligiga norozilik bildirish va sud muhokamasi o’tkazishni talab qilish (84-, 421-moddalar); birinchi instantsiya va kassasiya instantsiyasi sudining majlislarida, sudning ruxsati bilan esa, nazorat instantsiyasi sudi majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari ustidan shikoyatlar berish (498-500-, 510-moddalar); sud Majlisining bayonnomasi bilan tanishish va u haqda o’z mulohazalarini bildirish (426-, 427-moddalar); ish bo’yicha keltirilgan protestlar, kassasiya shikoyatlaridan xabardor bo’lish va ularga e’tirozlar bildirish (505-modda) huquqiga egadir. Ayblanuvchi: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo’lishi; dastlabki tergov va sud muhokamasida ishtirok etishdan bosh tortmasligi; dalillarni yo’q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko’ndirishga urinish va boshqa qonunga xilof harakatlar bilan haqiqatni aniqlashga to’sqinlik qilmasligi; o’ziga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasidan kelib chiqadigan talablarni bajarishi; guvohlantirish, ekspertiza uchun tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarorlari va sudning ajrimlari hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa protsessual qarorlar ijro etilishiga to’sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Ayblanuvchi zimmasiga ko’rsatuv berish, shuningdek o’zining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas (46-moddaning 2-,3-qismlari). Ayblanuvchiga nisbatan tergov organlari ish sudga o’tguncha turli ehtiyot choralarini shu jumladan, tilxat bilan ochiqda qoldirish, kafillik va shu kabilarni qo’llanishi mumkin. Ayblanuvchi sudga berilgandan so’ng sud qarori bilan jazoga hukm qilinsa, mahkum deb ataladi.