AYOVA
AYOVA — AQShning O’rta g’arbidagi shtat. Maydoni 146 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,8 million kishi (1992). Ma’muriy markazi — De-Moyn shahri. «Makkajo’xori mintaqasi»ning markazi. Qishloq xo’jalik mahsuloti qiymatiga ko’ra AQShda (Kaliforniyadan so’ng) 2-o’rinda turadi. Tabiiy sharoiti qulay. Missisipi va Missuri daryolarining pastroq (400-500 metr) tekis suvayirg’ichida joylashgan. Partov yerlar kam. Iqlimi mo’tadil kontinental, yog’inning yarmidan ko’prog’i (yiliga 700-1000 millimetr) ko’klam-yoz oylarida yog’adi, tuproqlari unumdor qora-tuproq va qoramtir tuproq. Qishloq xo’jaligi rivojlangan. Shtat hududining 70% ekinzor, 11% yaylov, 7% ni o’rmonlar tashkil etadi. Ekin maydonining ko’p qismi yem-xashak ekinlari: makkajo’xori (48-50%), suli (25-26%), o’tlar (15-16%) bilan band. Loviya ko’p ekiladi. Qishloq xo’jaligi tovar mahsuloti qiymatining 80% chorvachiliqsan keladi; qoramol, cho’chqa bo’rdoqiga boqiladi. Qishloq xo’jalik yaxshi mexanizasiyalashgan. Foydali qazilmalardan qurilish materiallari va bir oz ko’mir qazib chiqariladi. Ishlab beruvchi sanoat tarmoqlaridan, asosan, oziq-ovqat sanoati, shuningdek qishloq xo’jalik mashinalari va inventarlari ishlab chiqarish rivojlangan. 2-jahon urushidan so’ng Ayovada bir qancha harbiy sanoat korxonalari qurildi (Davenport, Dubyuk va boshqa portlarda). Missisipi va Missuri daryolarida kema qatnaydi. Transport yo’llari yaxshi rivojlangan. Ayovada makkajo’xori selektsiyasi tadqiqot instituti bor.