INFLYATSIYA

INFLYATSIYA (lot. shishish, ko’pchish, ko’tarilish) — mamlakatda muomalada yurgan qog’oz pul miqdorining xo’jalik muomalasi ehtiyojlaridan ortiq darajada oshib ketishi. Pulning qadrsizlanishi. Inflyatsiya quyidagi turlarga bo’linadi: 1. Biror omil tufayli kelib chiqqan inflyatsiya. 2. Kredit inflyatsiyasi — kredit ajratishning haddan ortiq kengayishi tufayli kelib chiqadi. 3. Sudraluvchan inflyatsiya — sekinlik bilan rivojlanib boradi. 4. Sakrovchan inflyatsiya — tez sur’atda rivojlanib boradi. 5. Ma’muriy inflyatsiya — narx-navoni ma’muriy tarzda boshqarish oqibatida yuzaga keladi. 6. Ijtimoiy inflyatsiya — mahsulot sifatiga, atrof-muhit muhofazasiga bo’lgan yangi ijtimoiy talablarning paydo bo’lishi oqibatidagi chiqimlarning o’sishi ta’sirida narx-navoning o’sishini yuzaga keltiradi. Bunday holat xo’jalik yuritish borasidagi qiyinchiliklarni bartaraf qilish davrida, mahsulot ishlab chiqarish kamaygan hollarda qo’shimcha pul chop etish natijasida yuzaga keladi.