AKKRA

AKKRA — Gana Respublikasi poytaxti (1957 yildan), Gvineya qo’ltig’i sohilidagi pasttekislikda. Katta Akkra poytaxt okrugi sifatida ajratilgan. Akkra — mamlakatning eng yirik shahri. Aholisi 1,2 mln kishi (1997). Akkra — Gananing muhim savdo, sanoat va madaniy markazi. Transport yo’llari tuguni, port va xalqaro aeroport mavjud. Oziq-ovqat, to’qimachilik, metallsozlik korxonalari, elektr uskunalari zavodi bor. Kustar usulda oltin va kumushdan zargarlik buyumlari yasaladi. Universitet, Fanlar akademiyasi (1961), yirik milliy muzey, musiqa va drama maktabi, doimiy dramatik studiya, kinofilm ishlab chiqaruvchi korporasiya va boshqa madaniy-maorif muassasalari bor. Akkra — serdaraxt ko’rkam shahar. Akkra o’rnida dastlab ga elatiga mansub qabilalardan birining qishlog’i bo’lgan. Shaharga 16-asrda asos solingan. 1876-1957 yillarda Oltin qirg’oq mustamlakachi ma’murlarining qarorgohi. O’rta asrda qurilgan Fort (qal’a)lar saqlangan.