AKUSTIK O’LCHASHLAR

AKUSTIK O’LCHASHLAR – tovush tebranishlari to’lqinlarini hamda akustik o’zgartirgichlar, uskunalar, materiallar, konstruktsiya va imoratlarning akustik xususiyatlari kattaligini aniqlash vositalari. Odam, hayvon, hasharot, parrandaning tovush chiqarishi va eshitish xususiyatlarini miqdoriy baholash ham Akustik o’lchashga kiradi. Akustik o’lchashda tovush tezligi, yutilishi, qaytishi, bosimi va tovush manbalarining ba’zi bir ko’rsatkichlari ham o’lchanadi. Akustik o’lchash texnikasida elektron usullar keng qo’llanadi. Bu usullar qo’llanganda tebranish buzilmay elektr toki yoki kuchlanishga aylantiriladi. Elektr akustik apparatlar, telefon, mikrofon va radiokarnaylarning ko’rsatkichlarini o’lchash ham Akustik o’lchash jumlasiga kiradi. Qurilish va me’morchilik akustikasida zal va turli binolarning tovush tarqatish xususiyatlari o’lchanadi. Akustik o’lchashda ishlatiladigan asboblar: mikrofon, gidrofon, termofon, shovqin o’lchagich, so’ndirish bo’lmasi, reverberatsiya bo’lmasi, audiometrlar.