AKUSTOOPTIKA

AKUSTOOPTIKA — akustikaning fizika bilan texnika orasidagi sohasi; elektromagnitik to’lqinlarning tovush to’lqinlari bilan o’zaro ta’siri o’rganiladi hamda bu hodisalarning texnikada qo’llanish asoslari ishlab chiqiladi. Yorug’likning tovush b-n o’zaro ta’siridan optikada, optoelektronikada, lazer texnikasida kogerent yorug’lik nurlanishini boshqarishda foydalaniladi. Akustooptik qurilmalar yorug’lik signalining amplitudasini, takroriyligi (chastotasi)ni, qutblanishini spektral tarkibini hamda yorug’lik nurining tarqalish yo’nalishini boshqarishga imkon beradi. Akustooptik effektlarning muhim amaliy qo’lanish sohasi O’YUT (o’ta yuqori tovushlar) — signallarga chin vaqt ko’lamida ishlov berish tizimlaridir. Tovush to’lqini vujudga keltirgan mexanik qayishishlar ta’sirida muhit optik xossalarining fazoviy modulyasiyasi yuzaga kelib, uni fotoqayishish effekti deyiladi. Bunda muhitning optik xossalari tovush to’lqini takroriyligida o’zgaradi. Akustooptik o’zaro ta’sir effektlari fizika tadqiqotlarida hamda texnikada qo’llaniladi. Ut (Ultra tovushlar) dagi yorug’lik difraktsiyasi ut — maydonlarning mahalliy xarakteristikalarini aniqpash imkonini beradi. Optik nurlanishning past jadalligida akustooptik o’zaro ta’sirlar faqat optik refraktsiya va difraktsiya effektlariga olib keladi. Nurlanish jadalligi ortishi bilan muhitga nurlanishning nochiziqli ta’sirlari ko’proq rol o’ynay boshlaydi. Tovushning optoakustik generasiyasi asosida Fotoakustik spektroskopiya usuli yaratilgan. Ut larda yorug’likning difraktsiyasi va refraktsiyasi effektlari asosida yorug’likning barcha ko’rsatkichlarini boshqarish imkonini beruvchi faol optik elementlar yaratilgan. Ad.: Fizicheskaya akustika (ing. tilidan tarjima), 7 — jild, M., 1974; Rebrin Yu. K., Upravlenie opticheskimi luchami v prostranstve, M., 1977; Magdich L. N., Molchanov V. Ya., Akustoopticheskie ustroytsva i IX primenenie, M., 1978.