AKUSTOELEKTRONIKA

AKUSTOELEKTRONIKA — akustikaning qattiq jism akustikasi, yarim-o’tkazgichlar fizikasi va radioelektronika chegarasidagi qismi. Akustoelektronika radiosignallarni o’zgartirish va ularga ishlov berish uchun ut (ultratovush) qurilmalarini yaratish printsiplarini tadqiq qilish bilan shug’ullanadi. O’YUT (o’ta yuqori takroriylik) li signalni to’lqin uzunligi 105 marta kichik bo’lgan tovush signaliga aylantirish unga ishlov berishni ancha yengillashtiradi. Signallar ustida amallarni bajarish uchun utning o’tkazuvchanlik elektronlari, elektromagnitik maydonlar, optik nurlanishlar, shuningdek, akustik to’lqinlarning nochiziqli o’zaro ta’sirlaridan foydalaniladi. Akustoelektron qurilmalar signallar ustida quyidagi amallarni bajarish imkonini beradi: vaqt mobaynidagi o’zgartirishlar (signallarni tutib turish, ularning davomiyligini o’zgartirish), takroriylik (chastota) bo’yicha va fazaviy o’zgartirishlar (fazalarni siljitish, takroriylik va spektrni o’zgartirish), amplitudani o’zgartirish (kuchaytirish, modulyatsiyalash), shuningdek, murakkabroq funktsional o’zgarishlarni amalga oshirish (integrallash, kodlash va kodsizlash, yig’uv funktsiyalarini hosil qilish, signallarni korrelyasiyalash va b.). Bunday muolajalarni, ko’pincha, radiolokasiyada, uzoq aloqa texnikasida, avtomatik boshqaruv tizimlarida, hisoblagich va b. radioelektron qurilmalarda bajarish lozim. Ko’pchilik hollarda radioelektron usullar ushbu amallarni ancha soda va tejamli yo’llar b-n amalga oshirish imkonini beradi  Ishlash zaminida yotuvchi fizik printsiplar va vazifalariga ko’ra, akustoelektron qurilmalar signallar chiziqli o’zgartiriladigan (tutib qolish liniyalari, filtrlar va b.) sust chiziqli qurilmalarga, faol chiziqli qurilmalarga (signal kuchaytirgichlari va generatorlari) hamda signalning generasiyasi, modulyasiyasi, o’zaro ko’paytirilishi va b. o’zgarishlari sodir bo’ladigan nochiziqli qurilmalarga bo’linadi. Ad.: Gulyaev Yu. V., Akustoelektronnie ustroystva dlya sistem svyazi i obrabotki informasii, [v kn.: Problemi sovremennoy radiotexniki i elektroniki], M., 1980; Xayasaka Tesuo, elektroakustika, Pers yapon. I.I. Ivanchika, M., 1982; Pavlovskaya V.I. i dr., Akustika i elektroakusticheskaya apparatura, M., 1986.