SOLIQ BITIMLARI
SOLIQ BITIMLARI — bir mamlakat yuridik va jismoniy shaxslarining ikkinchi mamlakatda olgan daromadlarining ayrim turlarini va boshqa mamlakat hududida joylashgan shu shaxslarning molmulkini soliqqa tortish huquqini har bir mamlakatga biriktirishga mo’ljallangan mamlakatlar o’rtasidagi o’zaro soliq munosabatlarini tartibga solishga yo’naltirilgan yuridik hujjat. Amaliyotda soliq bitimlarining ikki turi uchraydi: l) maxsus (cheklangan) soliq bitimlari — ular cheklangan xarakterdagi masalalarni (xalqaro yuk tashish, bojxona to’lovlari, imtiyozli soliq rejimi va shu kabilar; 2) umumiy soliq bitimlari. Soliq bitimlari imzolanayotganda davlatlar quyidagi asosiy vazifalarni yechishga harakat qiladilar: ikki marta soliqqa tortishga barham berish sxemasini aniqlash — o’zaro kelishayotgan davlatlar uchun faqat u yoki bu daromaddan soliq undirish huquqi biriktiriladi; har ikkala davlatda soliqqa tortish huquqi saqlanib qolganda ham ikki marta soliqqa tortish mexanizmiga barham berish; soliq to’lovchini boshqa mamlakatlarda diskriminatsion tarzda soliqqa tortilishidan himoya qilish; soliqqa tortishdan bo’yin tovlashni aniqlash va konvensiyani bajarish maqsadida o’zaro informatsiya almashish. Bunda quyidagi to’rt guruh masalalar ko’rib chiqiladi: konvensiyaning qo’llanish doirasi; soliqlarni davlatlar o’rtasida taqsimlash; ikki marta soliqqa tortishga barham berish; harakat qilish qoidalari. Shu bitim bo’yicha tartibga solib turiladigan soliqlarning turlari va shaxslarning (yuridik va jismoniy) ro’yxati ham aniqlanadi.