AKTSIYADORLAR JAMIYATI
AKTSIYADORLAR JAMIYATI — daromad topish maqsadida hissadorlik tamoyiliga binoan uyushgan sherikchilik jamiyati. Aktsiyadorlik jamiyati boshqa sherikchilik korxonasidan farqliroq, muomalaga nominal qiymati ko’rsatilgan aktsiyalar chiqarish va uni sotish yo’li bilan tarqatish bunday jamiyatning moliyaviy negizini tashkil etadi. Aktsiya egalari dividend shaklida daromad oladilar. Aktsiyadorlik jamiyatining ochiq va yopiq jamiyat shaklidagi ko’rinishlari bor: a) yopiq Aktsiyadorlik jamiyati — aktsiya egalari ma’lum guruh, mas, ta’sischilarning o’zi bilan cheklanadi. Aktsiyalar faqat ularning o’rtasida tarqatiladi; b) ochiq Aktsiyadorlik jamiyati — jamiyat aktsiyalari erkin sotiladi va sotib olinadi, aktsiyadorlar soni cheklanmagan, xohlagan va aktsiya olishga puli bor yuridik yoki jismoniy shaxs, shu jumladan, ajnabiy shaxslar uning a’zosi bo’la oladi. Aktsiyadorlik jamiyati pulni bir yerga to’plab biznesga qo’yish uchun tuziladi. Uning tashkilotchilari ta’sischilar deb yuritiladi. Ta’sischi firmalar, banklar, davlat va ayrim fuqarolar bo’lishi mumkin. Aktsiyadorlik jamiyatining afzalligi shundaki, u mayda pulni to’plab yirik pulga aylantirish, ya’ni kapital bo’la oladigan pulga aylantirishdan, mayda puldorlarning pulini ham biznesga qo’yishdan iborat. Aktsiyadorlik jamiyatini boshqarishning oliy organi — aktsiyadorlar Majlisi, so’ngra — direktorlar kengashi va quyi bo’g’ini — bo’linmalar boshqarmasidan iborat. Aktsiyadorlar Majlisi Aktsiyadorlik jamiyati yillik hisobotini, nizomdagi o’zgarishlarni, daromadning taqsimlanishini, foydazarar hisob-kitobini, taftish natijalari, rahbarlarni saylash masalasini ko’rib chiqadi va tegishli qarorlar qabul qiladi. Dastlab Aktsiyadorlik jamiyati 17-asrda paydo bo’lgan, hozir keng tarqalib, ommaviy tus olgan. O’zbekistonda Aktsiyadorlik jamiyati bozor islohotlari davomida mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida paydo bo’ldi, davlat korxonalarini Aktsiyadorlik jamiyati aylantirish mulkiy o’zgarishlarning yo’nalishlaridan biriga aylanadi. Islohotlarning birinchi bosqichida yopiqturdagi Aktsiyadorlik jamiyati tashkil topdi. Uning 2 — bosqichida ochiq turdagi Aktsiyadorlik jamiyati shakllana boshladi. O’zbekistonda 1995 yil 2255, 1996 yil 5500 Aktsiyadorlik jamiyati ishladi. O’zbekistonda Aktsiyadorlik jamiyati nodavlat sektoriga kiradi. Aktsiyadorlik jamiyati mustaqil, lekin ular davlat belgilagan qonun-qoidalar asosida ish ko’radi. Ularning faoliyati O’zbekiston Respublikasining «Aktsiyador jamiyatlar va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida» (1996.25.4) qonuniga binoan olib boriladi.