ALALIYA
ALALIYA (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi va lalia — nutq) — bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’idagi nutq zonalarining chala rivojlanishi yoki zararlanishi sababli bolalarning tilga kirmasligi yoki tuzuk so’zlay olmasligi. Bola boshining ona qornidaligida yoki tug’ilish chog’ida jarohatlanishi, shuningdek go’daklik davrida og’ir kasalliklar bilan og’rishi va boshqalar. Alaliyaga sabab bo’ladi. Alaliyada bola nutqi uzoq vaqt rivojlanmaydi: 5-7 yoshgacha, ba’zan 10-12 yoshgacha bolaning tili chiqmaydi. Alaliyaning motor va sensor xillari bor. Sensor Alaliya kamdan-kam, motor Alaliya esa xiyla ko’p uchraydi. Motor Alaliyada bola kam va noto’g’ri gapiradi, unga qaratilgan nutqni tushunadi. Ayrim tovushlarni talaffuz qilgani bilan tovush birikmalarini o’zlashtira olmaydi, butun so’z o’rniga uning bir qismini aytadi (masalan, mushukni «mu» deydi) va hokazo. Sensor Alaliyada bola atrofdagilarning nutqini yomon tushunadi yoki mutlaqo tushunmaydi. Bunda bola nutqining nihoyatda buzilishi ulg’aygan sari ruhiy taraqqiyotda ham o’z tengdoshlaridan ortda qolishiga sabab bo’ladi. Alaliyaga yo’liqqan bolalar maxsus maktablarda alohida usul bilan o’qitiladi. Natijada, garchi uzoq vaqt davomida bo’lsa ham, ularning ko’plari (motor Alaliyaga yo’liqqanlari) nutqi tuzalib, odatdagi maktablarning o’quv dasturini o’tadilar.