AL-ASMO al-HUSNO

AL-ASMO al-HUSNO (Arabcha — go’zal ismlar) — Allohning ismlari bo’lib, mazmunan uning sifatlari, fazilatlarini ifodalaydi. Qur’onda Allohni shu ismlar bilan yodga olish buyuriladi: «Allohning go’zal ismlari bordir. Bas, Uni o’sha ismlar bilan chorlanglar (yod etinglar), uning ismlarida Haqdan og’ib (noo’rin joylarda ularni qo’llaydigan mushrik) kimsalarni tark qilinglar» («A’rof» surasi, 180-oyat); «Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon — mehribon, deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlarda (joizdir). Zero, u zotning go’zal ismlari bordir» («Al-Isro» surasi, 110-oyat). Bu ismlar — 99 ta. Ular musulmon ilohiyotida muhim o’rin tutadi. Alloh ismlari ko’p duolarda qo’shib aytiladi. So’fiylar o’z zikrlarida ham bu ismlarni kamolatga erishishning timsoli sifatida ishlatadilar. Allohni va uning ismlarini iloji boricha ko’proq eslab turish taqvodorlik namunasi hisoblanadi. Odatda tasbih donalari soni Alloh ismlari soni bilan tengdir. Al-Asmo al-Husnodan duoxonlar tumorlar sifatida foydalanishadi. Musulmon ilohiy adabiyotida Alloh ismlarini talqin qiluvchi risolalar ko’p, ismlar ro’yxati duo to’plamlaridan joy olgan. Nomlarning aksariyati Abdurahmon, Abdusamad («Allohning quli») kabi eng keng tarqalgan ismlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Qur’oni Karimning «Hashr» surasida (22-24-oyatlar) «Alloh go’zal ismlari»ning qisqa ro’yxati bor: ar-Rahmon, ar-Rahim, al-Malik, al-Quddus, as-Salom, al-Mu’min, al-Muhaymin, al-Aziz, al-Jabbor, al-mutakabbir, al-Xoliq, al-Bori’, al-Musavvir. Boshqa hamma ismlar Qur’onning turli joylarida uchraydigan Alloh sifatlaridan kelib chikadi va ular bilan bog’langan fe’llaridan hosil bo’lgan. 99 ta ism ro’yxati Abu Hurayra (601-679) rivoyat qilgan hadisda bor, ana shu hadisga ko’ra, Muhammad (sav) 99 raqamini keltirganlar va har kim Alloh taoloning mazkur ismlarini birma-bir aytib chiqsa, albatta jannatdan joy ato qilinadi, deganlar. Boshqa hadis to’plamlarida ham Al-Asmo al-Husno ro’yxati keltiriladi.

«GO’ZAL ISMLAR»

1. Alloh — Tangri, ma’budi bar haq.

2. ar-Rahmon — o’ta mehribon.

3. ar-Rahim — juda rahmli.

4. al-Malik — podshoh.

5. al-Quddus — nuqsonlardan xoli.

6. as-Salom — ofat va balolardan salomat.

7. al-Mu’min — amonli va omon beruvchi.

8. al-Muhaymin — egallab, qoplab oluvchi.

9. al-Aziz — izzat va qudrat sohibi.

10. al-Jabbor — bandalari ishini isloh etuvchi.

11. al-mutakabbir — kattalik yarashuvchi zot.

12. al-Xoliq — yaratuvchi, vujudga keltiruvchi.

13. al-Bori’ — yaratuvchi.

14. al-musavvir — maxluqot va mavjudotlarga suvrat va shakl beruvchi.

15. al-G’affor — bandalarning aybu nuqsonlari va gunohu ma’siyatlarini fosh qilmay yopib turuvchi, kechiruvchi.

16. al-Qahhor — barchani bo’ysundiruvchi, g’olib.

17. al-Vahhob — o’z ne’matlarini tekin ato etuvchi.

18. ar-Razzoq — barcha tirik mavjudot rizqini etkazib beruvchi.

19. al-Fattoh — hukm etuvchi, rahmat; xazinalarini ochuvchi.

20. al-Aliym — biluvchi, dono, ilm sohibi.

21. al-Qobiz — kimlarningdir rizqini qiyuvchi, ruxlarni qabz etuvchi (oluvchi).

22. al-Bosit — kimlargadir keng rizq beruvchi, ruh baxsh etuvchi.

23. al-Xofiz — kofirlar martabasini tushiruvchi.

24. ar-Rofi’ — mo’minlar martabasini ko’taruvchi.

25. al-Muizz — kimlarnidir aziz, qadrli etuvchi.

26. al-Muzill — kimlarnidir xoru zalil qiluvchi.

27. as-Sami’ — maxfiy va oshkora ran va sharpalarni, hatto dildan o’tganini ham eshituvchi.

28. al-Basir — hamma maxfiy va oshkora narsalarni ko’ruvchi.

29. al-Hakam — qat’iy hukm etuvchi.

30. al-Adl — o’ta adolatli.

31. al-Latif — bandalariga sezdirmay o’z lutfu ehsonini etkazib beruvchi.

32. al-Xabir — hamma maxfiy va oshkora ishlardan xabardor.

33. al-Halim — jazolashga shoshmaydigan, hilm bilan yaxshilik qilib turuvchi.

34. al-Azim — ulug’, buyuk, katta.

35. al-G’afur — gunohlarni yashirib, jazo bermay turuvchi.

36. ash-Shakur — oz ishga ko’p mukofot beruvchi.

37. al-Aliy — ulug’ martabali, buyuk.

38. al-Kabir — katta, hamma sohada yuqori.

39. al-Hafiz — saqlaguvchi (o’z panohida).

40. al-Muqit — moddiy va ma’naviy oziq beruvchi.

41. al-Hasib — har bir ishga o’zi kifoya qiluvchi.

42. al-Jalil — barcha sifatlari mukammal, ulug’ zot.

43. al-Karim — karamli, saxovatli, kechirimli.

44. ar-raqib — hamma narsani kuzatib, nazorat ostiga olib turuvchi.

45. al-Mujib — duolarni qabul etuvchi.

46. al-Vosi’ — mulki, rahmati va qudrati keng zot.

47. al-Hakim — hikmat sohibi. Daqiq va noziq ilmlarni biluvchi.

48. al-Vadud — do’st, xayrixoh, mahbub.

49. al-Majid — ne’mati va ehsoni bepoyon.

50. al-bois — payg’ambarlar yuboruvchi, o’lgandan keyin qayta tiriltiruvchi

51. ash-shahid — hamma narsani bilib, ko’rib turuvchi, guvoh.

52. al-Haq — haqiqatan mavjud zot.

53. al-Vakil — hamma ishlarni o’z zimmasiga, kafolatiga oluvchi.

54. al-Qaviy — haqiqiy quvvat va qudrat egasi.

55. al-Matin — quvvatli, matonatli.

56. al-Valiy — do’stlariga do’st, madadkor.

57. al-Hamid — hamdu sanoga, maqtovga loyiq zot.

58. al-Muhsiy — barcha maxluqot va mavjudotlarning hisob-kitobini yaxshi biluvchi.

59. al-Mubdi’ — yo’qdan bor qiluvchi, yaratuvchi.

60. al-Muid — hayotdan o’limga, o’limdan yana hayotga qaytaruvchi.

61. al-Muhyiy — tiriltiruvchi.

62. al-Mumit — o’ldiruvchi.

63. al-Hay — tirik.

64. al-Qayyum — o’z-o’zidan turuvchi, boshqalarni turgizuvchi.

65. al-Vojid — xohlagan narsasini topuvchi.

66. al-Mojid — karamli va sharafli zot.

67. al-Vohid — yagona, bir (Xudo — bir).

68. as-Samad — behojat, hojatbaror.

69. al — Qodir — qudratli.

70. al-Muktadir — qudratli, qodir.

71. al-Muqaddim — o’ziga yaqin qiluvchi.

72. al-Muaxxir — o’zidan uzoq etuvchi.

73. al-Avval — hamma narsadan avval, boshlanishi chegarasiz.

74. al-Oxir — hamma narsadan boqiy, oxiri cheksiz.

75. az-Zohir — borligi hamma tomonlama ayon bo’lmish zot.

76. al-Botin — o’zi mavjud, lekin sezgi vositalarimizdan maxfiy zot.

77. al-Voliy — barcha ishlarni tasarruf etuvchi hokim.

78. al-Mutaoliy — ulug’, oliy martabali.

79. al-Barr — yaxshilik va ehson sohibi.

80. at-Tavvob — tavbalarni qabul etuvchi.

81. al-Muntaqim — gunohkor bandalaridan o’ch oluvchi, jazolovchi.

82. al-Afuv — gunoxlarni afv etuvchi.

83. ar-Rauf — o’ta mehribon; rahmati keng.

84. Molikul-mulk — mulk, saltanat, hukm sohibi.

85. Zul-jaloli val-Ikrom — sharafli va karamli.

86. al-Muqsit — adolatli, Odil.

87. al-Jomi’ — to’plovchi, qiyomat kuni haloyiqni mahshargohga jam etuvchi.

88. al-G’aniy — boy, ehtiyojsiz.

89. al-Mug’niy — boy etuvchi, kifoya qiluvchi.

90. al-Moni’ — do’stlarini ximoya etuvchi, noloyiqlarga o’z ne’matlarini man etuvchi.

91. az-Zorr — xohlagan bandalariga ofat, zarar va musibat etkazuvchi.

92. an-Nofi’ — xohlagan bandalariga manfaat va foyda etkazuvchi.

93. an-Nur — o’z-o’zidan borligi ayon va borliqni ham ayon etuvchi.

94. al-Hodiy — yo’l ko’rsatuvchi.

95. al-Badi’ — yaratuvchi (ixtiro ila).

96. al-Boqiy — doimiy, abadiy mavjud.

97. al-Voris — borliqni meros qilib oluvchi.

98. ar-Rashid — barcha ish va tadbirlari to’g’ri chiquvchi.

99. as-Sabur — gunohkor isyonkorlarga jazo berishga shoshilmaydigan zot.

(Mazkur ismlar bir muncha erkin tarjima qilingan, ularning mazmunlarini ulamolar bir oz boshqacha ham talqin etadilar). Abdulaziz Mansur.