ALEMANNLAR

ALEMANNLAR (lotincha Alamanni) — Dunay va Reyn daryolari yuqori oqimida, Rim imperiyasi mulklariga qaramaqarshi qirg’oqlarda yashagan germanlarning 3-asr oxiridan ma’lum bo’lgan rimcha nomi. Rimliklar Janubiy Germaniyadan Galliyaga bostirib kirgan qurolli to’dalarni Alemannlar deb atagan. Biroq, Alemannlar rimliklardan farqli ravishda o’zlarini «shvablar» deyishgan. 4-asrdan alemann yollanma harbiylari Rim imperiyasida yuqori mavqega ega bo’la boshlagan. Masalan, 306 yil Konstantin I Rim taxtini egallashda Alemannlardan Krokus yordamiga tayangan. Imperator Konstantin II o’z raqibi Magnentsiya imperatoriga qarshi kurashda Alemannlar qo’shinidan foydalangan, biroq 357 yil Yulian murtad ularni Argentorat (Strasburg) ostonasida tor-mor keltirgan. So’nggi o’rta asrlarda o’rta lotin tilidagi «Alamannia», frantsuz va ispan tillaridagi «Alltmagne» hamda «Alemania» atamalari «Germaniya» atamasi bilan o’rin almashgan.