ALYOR
ALYOR — xalq qo’shiqlarining bir turi, o’tmishda jo’ra (ulfat)lar davrasida qadah tutib aytilgan. Kosagul (soqi) qo’lida bo’za yoki may to’ddirilgan qadah tutib, davradagilarga: «Alyor bo’lsin-ay, Xo’jam yor bo’lsin-ay, Xo’jam bergan bu davlatga dushman zor bo’lsinay», — deya murojaat qilgan. Qadahni (kosani) olgan suhbatdosh o’z navbatida jo’raboshi xohishiga ko’ra, biror qo’shiq yoki raqs ijro etgan. Bunday paytda childirma jo’rligida kuylanadigan maxsus qo’shiqlar ham bo’lgan. Ular ko’nalar, haqqonlar va bo’zagarlar qo’shig’i deb ham ataladi. Bo’zagarlar qo’shiqlari ikki band (to’rtlik)dan iborat bo’lib, birinchi bandning birinchi misrasi qaysi so’z bilan boshlansa, ikkinchi bandning birinchi misrasi ham o’sha so’z bilan boshlanishi shart. Alyordan xalq dostonlarida ham keng foydalanilgan. Mas, Barchinni izlab borayotgan Hakimbek yo’lda, qabristonda uxlab qolganida, ular ruhining aytishuvi: «kosa ushlab qo’lim toldi, biyning qizi mahtal bo’ldi, Xon to’ram, sizga ne bo’ldi, oling, alyor-alyor», buning yorqin dalilidir.