ALI SULTON
ALI SULTON (1416—?) — Turfonning birinchi sultoni. 1469 yil Turfonni sultonlik deb e’lon qildi, uning siyosiy-iqtisodiy qudratini oshirdi. Ali Sulton davrida qishloq xo’jalik va hunarmandchilik ancha rivojlandi. Korizlar ko’paydi, ekin maydonlari kengaydi, don mahsuloti chetga chiqarila boshlandi. Ali Sulton Qoju, Lyukchun bekliklarini, 1473 yilda Qumul (Xomi) sultonligini ishg’ol qilib, o’z Sultonligiga birlashtiradi, Xitoy Min imperatorligi qo’l ostidagi Guanju, Shaju shaharlarini o’z hududiga qo’shib olib, G’arb bilan Sharq o’rtasidagi savdoni, Ipak yo’liga hukmronlikni ham o’z qo’liga oladi. Ali Sulton 1491 y.ga kelib Xitoy devorining g’arbiy darvozasi tashqarisidagi o’n bir shaharni egallab oladi, uning ichidagi Suju, Guanju shaharlariga ham bir necha bor bostirib kirib, Min imperatorligini bevosita tahdid ostida qoldiradi. Uyg’ur yerlarining Sharqiy qismida Ali Sulton tashkil qilgan mazkur Turfon sultonligi 15— 16-asrlarda o’z ravnaqining cho’qqisiga chiqqan edi.