Dengiz
Dengiz — okeanning bir qismi; Dengiz okeandan quruqlik yoki orollar, yarim orollar va suv osti reylefining ko`tarilgan joylari bilan ajralib turadi. O`zining geografik o`rni va kotlovinalarining xarakteriga qarab quyidagilarga bo`linadi: 1) materiklar orasidagi dengizlar; 2) materik ichkarisidagi dengizlar va 3) chekka dengizlar. Materiklar orasidagi dengizlar juda chuqur bo`ladi. Bularga O`rta dengiz, Avstraliya va Osiyo orasidagi dengizlar, Karib dengizi va Kizil dengiz kiradi. Materik ichkarisidagi dengizlar biron materikning ichkarisida joylashgandir. Bularga Oq dengiz, Baltika dengizi, Qora dengiz, Azov dengizi va boshqalar kiradi. Chekka dengizlar okean va materiklarning chekkalarida bo`ladi. Bularga Barens dengizi, Kara dengizi, Sharqiy Sibir dengizi, Chukotka dengizi, Yapon dengizi, Shimoliy dengiz va boshqalar kiradi.