AGLOMERATSIYA
AGLOMERATSIYA — bir qancha sanoat korxonalari joylashgan, ko‘plab birbiriga tutash aholi punktlarini qamrab olgan va shu tufayli iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy va boshqa manfaatlar uyg’unlashib ketgan hudud. Aglomeratsiyadagi ma‘muriy-hududiy birliklar o’z mustaqilligini saqlab qoladi, lekin ularning organlari umumiy muammolarni hal etishda hamkorlik qilishlari kerak bo’ladi. Aglomeratsiya bitta katta shahar va uni o’rab olgan nisbatan kichik shaharlar hamda shaharchalardan iborat bo’lishi mumkin. Biroq Aglomeratsiya bir necha katta va o’zaro tutash mustaqil shaharlardan ham iborat bo’lishi mumkin (masalan, Germaniyadagi Rur Aglomeratsiyasi). Aglomeratsiya – avvalo iqtisodiy (va muayyan darajada ijtimoiy) kategoriya. Lekin unga davlat-huquqiy nuqtai nazaridan ham qarash mumkin. Masalan, katta shahar organlarining Aglomeratsiya butun hududi bo’yicha muayyan muvofiqlashtiruvchi vazifalarni bajarishi (xususan, poytaxt shaharlarning ma‘murlari hamisha poytaxt atrofidagi shaharlar rivojlantirilishiga ta‘sir ko’rsatishga harakat qiladilar), ularning tutash hududlar ma‘murlari bilan birgalikda ish olib borishi, Aglomeratsiya muammolari bo’yicha umumiy organning tuzilishi va uning Aglomeratsiyada mavjud bo’lgan ma‘muriy-hududiy birliklarning organlari bilan o’zaro hamkorlik qilishi shular jumlasidandir.