Yil fasllari, faslla

Yil fasllari, fasllar— bahor, yoz, kuz, qish. Yil fasllarining almashinishga Yer aylanish o`qining orbita (Yerning Quyosh atrofida aylanishi yo`li) tekisligiga nisbatan og`ishganligi (66°33′) sabab bo`ladi. Yer Quyosh tevaragida aylanganda Yer o`qining yo`nalishi o`zgarmaydi. Shu sababli Yer Quyosh atrofida aylanar ekan, bir Shimoliy qutb, bir Janubiy qutb Quyoshga qarab qoladi. Shimoliy qutb Quyoshga ro`para bo`lganda shimoliy yarim shar ko`proq isiydi, Janubiy qutb Quyoshga ro`para kelganda esa janubiy yarim shar ko`proq issiq oladi. Shimoliy yarim sharda Quyoshning bahorgi kun-tun tengligi nuqtasidan o`tish vaqti (20-21 mart) bahor faslining boshlanishi deb, Quyoshning yozgi turish nuqtasidan o`tishi (21-22 iyun) yoz faslining boshlanishi deb, Quyoshning kuzgi kun-tun tengligi nuqtasidan o`tishi (23-sentyabr) kuz faslining boshlanishi deb va Quyoshning qishki turish nuqtasidan o`tishi (21-22 dekabr) qishning boshlanishi deb qabul qilingan. Janubiy yarim sharda bularning aksi bo`ladi. Yil fasllari bir-biridan Yer yuzining hamma joyida ham farq qila bermaydi. Masalan, ekvator yaqinida doim bir xilda issiq va yog`in ko`p bo`ladi, ya’ni yil bo`yi ob-havo deyarli bir xil bo`lib turadi. Bu o`lkalarga ikki tomondan tutashgan joylarda (ekvator yoni o`lkalarida) yil ikki faslga bo`linadi: qurg`oqchil va seryomg`ir fasllar. O`zbekistan joylashgan kengliklarda esa bahor va kuz fasllari qisqa. (2 oy atrofida), yoz fasli uzun (5 oy chamasi) bo`ladi. Qutbiy o`lkalarda, aksincha, yoz juda qisqa, qish uzoq davom etadi.