Tabiatni muhofaza qilish, tabiatni qo`riqlash
Tabiatni muhofaza qilish, tabiatni qo`riqlash — tabiatni insoniyat manfaatlarini ko`zlab saqlashga va ongli ravishda o`zgartirishga, uning mahsuldorligini saqlab qolishga hamda resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan barcha xil tadbirlar sistemasi. Bu tadbirlar davlatlar, xalqaro va jamiyat, fan-texnika, ishlab chiqarish tashkilotlari, shuningdek iqtisodiy hamda ma’muriy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Fan-texnika taraqqiyoti va jahon aholisining nihoyatda tez ko`payishi (demografik portlash) munosabati bilan jamiyatning tabiatga bo`lgan ta’siri tobora kuchaymoqda. Bu ta’sir ijobiy yoki salbiy bo`lishi mumkin. Shu tufayli tabiatni muhofaza qilish muammosini tobora muhim bo`lib qolmoqda. Tabiatni muhofaza qilishning eng asosiy masalalari – atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va barcha xil tabiiy resurslar: yer, suv, iqlim, o`simlik, hayvonot resurslari hamda qazilma boyliklardan oqilona, ya’ni ularni nest-nobud qilmay foydalanishdir. Tabiatni muhofaza qilish sayyoramizdagi muhim muammo bo`lganligi sababli u bilan bog`liq ko`pdan-ko`p masalalarni ijobiy hal qilishda jahon mamlakatlarining xalqaro hamkorlik qilishini taqozo etadi. Tabiatni muhofaza qilishning ikki xil talqini mavjud: 1) alohida ajratilgan hududlardagi tabiiy komplekslar, ya’ni landshaftlarni tabiiy holda saqlash-qo`riqlash, noyob o`simlik hamda hayvonlarni saqlab qolish va ko`paytirish. Bunday ishlar milliy parklar, qo`riqxonalar va buyurtmalarda olib boriladi. tabiatni undan xalq xo`jaligida foydalanish jarayonida, uni o`zgartirib, antropogen landshaftlar bunyod etish jarayonida muhofaza qilish. Bu — tabiatni faol muhofaza qilishdir.