Platforma

Platforma (fransuzcha plat — yassi, forma — shakl) — yer po`stining uzoq vaqt davomida ko`tarilmasdan va cho`kmasdan hamda burmalanmasdan turgan katta (umumiy maydoni bir necha mln. kv. km keladigan) qismi (palaxsasi). Platforma ikki yarusdan iborat bo`ladi; birinchi, quyi yarus magmatik va metamorfik jinslardan tarkib topgan bo`lib, platformaning burmalangan mustahkam zaminini (fundamentni) tashkil etadi. Ustki yarusi ana shu zamin ustida gorizontal yotgan cho`kindi jinslardan tuzilgan (qalinligi 3-5 km). Platformaning har ikkala yarusi aniq bo`lgan qismlari plita deyiladi. Platformaning ustida cho`kindi jinslar qatlami bo`lmagan, mustahkam zamini yer yuzasiga chiqib qolgan qismlari qalqon deb ataladi. Misol, Sharqiy Yevropa tekisligining katta qismi plitadir (Rossiya plitasi), Skandinaviya va Kola yarim orollari, Kareliya va Finlyandiya hududi qalqonga misoldir. (Baltika qalqoni.) Platforma– ikki yarusli qatlam – birinchi qatlam magmatik va metamorfik jinslardan; ikkinchi qatlam cho`kindi jinslardan tarkib topgan bo`ladi.