Kvars

Kvars — mineral. Oq, rangsiz, shishasimon yaltiroq. Tarkibida boshqa aralashmalar bo`lsa, turli rangda tovlanadi. Rangsiz, tiniq kristalli kvars tog` xrustali, binafsha ranglisi — ametist, kulrang yoki qo`ng`ir tusli shaffof xili — rauxtopaz, qora ranglisi — moreon, oltindek sariq ranglisi sitrin deb ataladi. Kvarslar qimmatbaho toshlar hisoblanib, zargarlikda ishlatiladi. Shuningdek optika, radiotexnika, o`tga va kislotaga chidamli asboblar tayyorlashda, tibbiyotda, oyna, keramika, abraziv sanoatida va qurilishda ishlatiladi. O`zbekistonda Chimyonda tog` xrustali, Chirchiqda kvarsli qumtosh konlari bor.