Ovring

Ovring— Tojikistonning tog`lik hududlarida tik tog` yonbag`irlaridan o`tgan tog` yo`llarning ilmiy adabiyotda qabul qilingan nomi. Ovring qoyalarni o`yib, mustahkam qoziqlar ustiga shox-shabbalar to`shab ishlanadi. O`tib bo`lmaydigan joylarga osma ko`priklar quriladi. Tik silliq qoyaga baland zinapoyalar osib qo`yiladi. Ba’zan qoyaning tepasiga katta qoziqlar qoqiladi, pishiq novdalardan eshilgan arqon halqa shu qoziqlarga osiladi. Arqon halqalarning pastki uchiga g`o`lalar yotqiziladi. Kishilar ana shu halqa tunnel ichidan g`o`lalar ustidan yuradi. Ovringlar, asosan, piyoda yurishga mo`ljallangan. Ba’zi qismlarida eshak-otlarda o`tsa ham bo`ladi. Ovringlarni tepadan tushgan suv, toshlar va qor ko`chkilari ishdan chiqaradi. Shug`non va Rushonda ovring marja (marza), parin (parind), Yag`nobda rafaq deyiladi. Tog`larda katta yo`llar qurilishi munosabati bilan ovring o`z ahamiyatini tobora yo`qotmoqda.