ALMASHTIRISH
ALMASHTIRISH (matematikada) — xossalari har xil bo’ladigan ikki to’plam elementlarini bir-biriga mos qo’yish. Masalan, X to’plamning har bir x elementiga Y to’plamning to’la aniqlangan u elementa mos qo’yiladi. Ko’pincha Almashtirish deb ayni bir to’plamning x va y=f(x) elementlari orasidagi o’zaro bir qiymatli moslik tushuniladi. Geometriyada ko’pincha nuqtaviy Almashtirish tekshiriladi. Bunda biror ko’p xillilik (chiziq, sirt, fazo) ning har bir nuqtasiga uning boshqa nuqtasi mos qo’yiladi, boshqacha aytganda, nuqtaviy Almashtirish nuqtaviy to’plamni o’z-o’ziga aks ettirishdan iborat. Geometriyada tekislik nuqtasini to’g’ri chiziq nuqtalariga va, aksincha, to’g’ri chiziq nuqtalarini tekislikka o’tkazuvchi Almashtirish lar ham tekshiriladi. Masalan, 2-tartibli egri chiziqqa nisbatan qutbiy Almashtirish shunday Almashtirishdir.