BUDDIZM

BUDDIZM (Budda nomidan olingan), buddaviylik — jahonda keng tarqalgan dinlardan biri (xristianlik va islom dini bilan birga). Unga e’tiqod qiluvchilar taxminan 700 mln.dan ortiq. Miloddan avvalgi VI-V asrlarda Hindistonda paydo bo’lgan. Markaziy Osiyo, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida va Uzoq Sharqda tarqalgan. Hozirgi kunda Buddizm Shri Lanka, Myanma (Birma), Tailand, Laos, Kamboja, Vetnam, Tibet, Butan va Yaponiya kabi davlatlarning asosiy dinidir. Buddizm muayyan tarixiy davrlarda Xitoy, Hindiston, Koreya va Indoneziyada, deyarli butun Osiyo xalqlari, ya’ni jahonning salkam 2/3 kismi aholisi ma’naviy qadriyatlariga juda katta ta’sir ko’rsatgan. Rivoyatlarga ko’ra, Buddizmga Siddhartha Gautama (Budda) asos solgan. Buddizmda 2 asosiy yo’nalish mavjud: xinayana va maxayana. Keyingisi juda ko’p sekta va mazhablarga bo’linadi. Boshqa dinlardan farqli ravishda Buddizmda hech bir o’zgarmas narsa yo’q, hatto xudo ham o’zgaruvchan, deb uqtiriladi. Faqat on yoki lahzalar silsilasi mavjud bo’lib, ularning har biri yo’qolib, keyingisiga o’rin beradi. Buddizm zaminida 3 narsa – Budda, Dxarma va Sangxaga e’tiqod yotadi. Budda (Siddhartha Gautama) oliy haqiqatga yetishishning yorqin timsoli. Dxarma – Gautama qoldirgan ta’limot. Bu ta’limotning eng qisqa bayoni «to’rt oliy haqiqat»dan iborat: 1) azob-uqubat mavjud; 2) azob-uqubatning sababi (istak) mavjud; 3) azob-uqubatning tugashi (nirvana) mavjud; 4) azob-uqubatning tugashiga olib keluvchi sakkiz bosqichli yo’l mavjud. Sangxa — Budda asos solgan va hozirgacha faoliyat ko’rsatib kelayotgan rohiblar jamoasi. Tor ma’noda bu – o’tgan asrlarda «oliy haqiqat»ga etishgan ko’plab avliyolardir. Sangxa jamoasiga qabul etilgan shaxs quyidagi 10 farzni ado etishga qasamyod qiladi: 1) hech kim yoki hech narsani hayotdan judo qilmaslik; 2) yolg’on so’zlamaslik; 3) o’g’rilik qilmaslik; 4) jinsiy aloqaga kirmaslik; 5) mast qiluvchi ichimlik ichmaslik; 6) kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul qilmaslik; 7) uch kiyimdan ortiq hech narsa bilan tanani bezamaslik; 8) ommaviy ko’ngilxushliklarda ishtirok etmaslik va tomoshabin sifatida qatnashmaslik; 9) baland va yumshoq o’rinda yotmaslik; 10) pul ishlatmaslik.