DAVLAT BAYROG’I

DAVLAT BAYROG’I — davlatning asosiy ramzlaridan biri: rasmiy, boshqa davlatlardan farqlovchi belgisi, emblemasi. Davlat bayrog’ining tasviri maxsus qonun yoki konstitutsiya bilan belgilanadi. Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi. U gerb yoki boshqa emblema tasvirlangan bir yoki ko’p rangli alvondan iborat bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i to‘g‘risidagi qonun 1991-yil 18-noyabrda tasdiqlangan. Bayroqning butun uzunligi bo’ylab to’q moviy rang, oq rang va to’q yashil rangli uchta endan tashkil topgan to’g’ri to’rtburchak shaklidagi matodir. Bayroqning yuqori qismida yarim oy mustaqilligimiz ramzini, 12 yulduz esa mukammallik ramzini anglatadi. Bayroqning uzunligi 250 sm, kengligi 125 sm ga teng. O’zbekistan Respublikasining Davlat bayrog’i xalqaro maydonda; O’zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog’ida, xalqaro tashkilotlarda, anjumanlarda, jahon ko’rgazmalarida, sport musobaqalarida O’zbekiston Respublikasining timsoli bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i va uni ko’tarish bilan bog’liq tartib-qoidalar yuqoridagi qonunda belgilangan. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i doimiy suratda, jumladan, mamlakat Prezidenti, Oliy Majlis, O’zbekiston hukumati, xalq deputatlari mahalliy kengashlari, hokimliklar ish olib borayotgan binolarda, O’zbekistonning rasmiy delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlarda, bayram kunlari — vazirliklar, davlat qumitalari va muassasalari, korxonalar va tashkilotlar binolari, shuningdek, uy-joy binolarida ko’tariladi.