DINIY EKSTREMIZM

DINIY EKSTREMIZM — jamiyat uchun an‘anaviy bo‗lgan diniy qadriyatlar va aqidaviy ahkomlar tizimini inkor etish va ularga zid bo’lgan «g’oyalar»ni agressiv tarzda targ’ib qilishdir. Diniy ekstremizm ko’pchilik dinlarda mavjud bo’lib, uning tarafdorlari o’z oldiga siyosiy maqsadlarni qo’yadi. Markaziy Osiyoda diniy ekstremistlar mazkur mintaqah xalqlari uchun an‘anaviy bo’lgan xanafiylik mazhabi va moturidiya aqidalarini rad etib, musulmonlarga siyosiylashtirilgan vahhobiy-salafiylik oqimi g’oyalarini singdirishga urinmoqda. Islom ekstremizmining aqidasiga ko’ra, birinchidan, go’yo barcha hozirgi zamon musulmon jamoalari islomiy tuslarini yo’qotganlar va «johiliya» asri jamiyatlariga aylanganlar. Bunday yondashuv hukumat va uning olib borayotgan siyosatini keskin tanqid qilish uchun «asos» bo’lib xizmat qiladi. Ikkinchidan, go’yo faqat «haqiqiy» musulmonlar hokimiyatga kelgach, barpo bo’lajak «islomiy tartib»ni o’rnatish uchun keskin va agressiv harakat qilmoqlari lozim. Bunday harakatning konunga muvofiqligi masalasi ular tomonidan umuman o’rtaga qo’yilmaydi, zero, ular faqat shariatga (bu ham ularning tor talqinida) tayanib ish ko’radilar va o’zlarini islomdan chekingan hokimni ag’darishga go’yo haqli deb biladilar. Islom ekstremizmining «nozik» tomoni uning «din»ga (haqiqiy dinga emas) asoslanganidadir. Guruh rahbarlari o’z qo’l ostidagi a‘zolarining ongiga shu darajada ta‘sir o’tkazadilarki, ular hatto o’zlarini qurbon qilishga, muayyan maqsad yo’lida «shahid» yoki «kamikadze» bo’lishga tayyor turadilar. «Musulmon birodarlari» harakati (Misr, 1928)dan yetishib chiqqan Sayyid Qutb (1906- 1965) hozirgi zamon islom ekstremizmining g’oyaviy asoschisi sifatida tan olingan. Uning «nazariya»siga ko’ra, o’zini musulmon deb hisoblovchilarning ko’pchiligi aslida musulmon emas, va umuman, barcha davlatlar islomga qarshidirlar. Demak, maqsad – islom davlatini barpo qilish va jamiyatni to’lig’icha islomlashtirishdir.