EKSPORT
EKSPORT (lot. exportare – olib chiqaman, chetga chiqaraman) — tovarlar, xizmatlar, investitsiya, qimmatli qog’ozlar, texnologiyalar va boshqalarni tashqi bozorga chiqarish. Tovarlarni bir mamlakat orqali olib o’tish (tranzit) va bir mamlakatdan olib kelingan tovarlarni boshqa mamlakatlarga sotish uchun chiqarish (reeksport) ham Eksportga kiradi. Har qanday davlat uchun Eksport import va chet ellarda boshqa xarajatlarni to’lash uchun zarur bo’lgan chet el valyutasining asosiy manbai. Davlatning tashqi iqtisodiy siyosatida Eksportni kengaytirish muhim masala hisoblanadi va davlat eksport uchun mo’ljallangan ishlab chiqarishni qo’llab-quvvatlashning turli shakllarini keng qo’llaydi (soliq imtiyozlari va boshqalar moliyaviy ko’maklar; Eksportni davlat tomonidan kreditlash). Eksportni cheklash aksariyat hollarda muayyan mamlakatlar bilan olib boriladigan savdoga embargo joriy etish yo’li bilan siyosiy maqsadlarda amalga oshiriladi. Ayrim tovarlar Eksporti ba‘zan iqtisodiy yoki ekologik sabablarga ko’ra cheklanadi.