ALYASKIT
ALYASKIT — intruziv nordon tog’ jinsi; tarkibida 5% gacha rangli minerallar bo’lgan granit. Magmatik, ba’zan metasomatik yo’l bilan kelib chiqqan. Tarkibi kvars (30-35%), kaliyli dala shpati (30-50%) va albit (20% gacha) dan iborat. Kristall-donador, kamdan-kam porfir tuzilishli. Rangi qizil, pushti, oq, och kulrang. Dastlab Alyaska yarim orolida topilgan (nomi shundan). Alyaskitni kamyob va siyrak yer elementlari konlari bilan bog’laydilar. Alyaskit O’rta Osiyo, Kavkaz va Baykal ortida topilgan. Qurilishda qoplama bezak-tosh sifatida ishlatiladi.