GEOSIYOSAT

GEOSIYOSAT, (geografik siyosat) — siyosatshunoslikdagi nazariya. Geosiyosat termini muayyan bir mamlakat o’rni, tabiiy boyliklari, iqlimi va boshqa geografik omillarining davlat tashqi siyosatiga (geografik-siyosiy strategiyasi va h.k.lar ga) muayyan ta‘sirini ifodalash uchun ishlatiladi. Geosiyosat tushunchasini birinchi bor R.Chellen (Shvetsiya) ilmiy muomalaga kiritgan. Geosiyosat nazariyasi XIX asr oxiri va XX asr boshlarida F.Ratsel (Germaniya), A.Mexen (AQSH), X.Makkinder (Buyuk Britaniya) tomonidan ishlab chiqilgan, G.Kissinjer, Z.Bjezinskiy (AQSH) va boshqalar tomonidan hozirgi dunyodagi siyosiy jarayonlarga tadbiqan rivojlantirilgan. Geosiyosatga oid ilmiy qarashlarga davlatning geografik joylashuvi (makoni) bilan uning ichki va tashqi siyosati o’rtasidagi uyg‗unlik prinsipi asos qilib olinadi. O’zbekiston o’z tashqi siyosatida ma’lum darajada Geosiyosatning asosiy tamoyillarini ham hisobga oladi.