SHAXS
SHAXS — alohida individ, mohiyatan yaxlit ijtimoiy-axloqiy olam. U o’zida inson mohiyatini, uning mavjudot sifatidagi qadriyatini mujassam etadi. Shaxs ijtimoiy-gumanitar fanlarda o’z yo’nalishi, tadqiqot ob‘yekti va maqsadi nuqtai nazaridan turlicha talqin etiladi. U o’ta murakkab, ziddiyatli, qarama qarshi, o’zini o’zi inkor etadigan mavjudot sifatida, biologik, fiziologik, ijtimoiy, ma‘naviy, ruhiy, axloqiy va estetik aql-idrok, tafakkur ob‘ekti sifatida, hatto, falsafiy va mantiqiy, yashash huquqi va hayot mantig’i jihatidan tadqiqot manbaiga aylanishi mumkin.