HUKUMAT

HUKUMAT — davlatning oliy kollegial ijro etuvchi organi. Hukumat turli mamlakatlarda turlicha nomlanishi mumkin: vazirlar kengashi (Fransiya, Italiya, Polsha), Vazirlar Mahkamasi (Buyuk Britaniya, O’zbekiston), Davlat kengashi (XXR) va b.lar. Uning tarkibi turli boshqaruv tizimlarida turli usullar bilan aniqlanadi: prezidentlik respublikasida hukumat prezident tomonidan tuziladi va uning oldida mas‘ul; parlament respublikasida – hukumat parlament tomonidan tuziladi va uning oldida mas‘ul; aralash turdagi respublikalarda hukumat boshlig’i (premer-ministr) hukumatni tuzadi va u ham prezident, ham parlamentga hisobotlidir. Hukumatning hokimiyat tizimidagi maqomi va tarkibi har bir davlatning Konstitutsiyasi bilan belgilanadi: 1) absolyut monarxiyalarda hukumat qirol tomonidan tuziladi, hukumat qarorlarini ham qirol qabul qiladi. Bunday hukumat tarkibiga hukmron oila a‘zolari vakillari, texnokratlar, mamlakatning eng boy oilalari vakillari kiradi. Ba‘zan qirol o‗zini premer – ministr deb e‘lon qiladi; 2) dualistic monarxiyalarda hukumatni qirol tuzadi, lekin u parlamentdagi kuchlar nisbatini albatta hisobga oladi. Bu hukumatda mas‘uliyat – shaxsiy, qirol istagan vazirlarini bo‗shatadi. Qarorlarni qirol qabul qiladi, hukumat uni qo’llab-quvvatlamagan taqdirda qirol butun hukumatni iste‘foga chiqarishi mumkin; 3) parlament monarxiyalarida qirol hukumatni tayinlaydi, lekin bu funksiya deyarli rasmiy: aslida bu masalani parlamentdagi ko’pchilik hal qiladi. Hukumat faqat parlament oldida mas‘ul. Monarx diskret vakolatlarga ega emas. Birorta partiya saylovlarda ko’pchilik ovoz to’play olmagan bo’lsa, qirol imkoniyatlari ko’proq partiyalardan birining vakiliga hukumat tuzishni topshiradi (Daniya, Belgiya, Niderlandiya). Bunday shaxslarni formator deb atashadi. Hukumat tuzilsa, u hukumat boshlig’i vazifasini egallaydi. Koalitsiya tuzilmagan holatda qirol yangi formator tayinlaydi. Bu holatda ham kelishuvga erishilmasa, qirol «xizmatchi», «ishchi», «amaldorlar» hukumatini tuzadi va unga bir-ikki oy ichida yangi saylovlar tayyorlab o’tkazishni va yangi hukumat tuzishni topshiradi; 4) parlament respublikalarida hukumat parlament tomonidan tuziladi va uning oldida mas‘ul. Ba‘zi davlatlarda (Italiya, Germaniya) hukumat boshlig’i lavozimiga nomzodni prezident ilgari suradi; 5) president respublikalarida hukumat prezident tomonidan tuziladi, barcha vakolatlar prezidentda bo’ladi, hukumat esa uning qoshidagi maslahat kengashi vazifasini bajaradi, odatda, bunday hukumatlarning maqomi konstitutsion tarzda aniq belgilanmagan bo’ladi; 6) aralash respublikalarda hukumat ikki tomonlama mas‘uliyatga ega. Parlament prezidentga muxolif bo’lgan holatlarda hukumatning roli ortadi va h.k.. Partiyaviy tarkibiga ko’ra ham hukumatlarning bir qancha turlarini ajratish mumkin: bir partiyaviy hukumat doimo – prezident respublikalarida, dualistik monarxiyalarda, parlament monarxiyalari va respublikalarida uchraydi; ikki partiyaviy hukumat parlament respublikalarida ikki yarim partiyaviy tizim vaziyatida, monarxiyalarda uchraydi; koalitsion hukumat parlament monarxiyalari va respublikalarida uchraydi; kamchilik hukumati (Daniya, Norvegiya, Shvetsiya) partiyalar o’rtasidagi kelishuv mutlaqo mumkin bo’lmaganda va hech bir yirik partiya kelishuvga bormaganda tuziladigan hukumat; 5) partiyasiz hukumat. Ularning to’rt turi mavjud: a) mamlakatda umuman siyosiy partiyalar yo’qligi vaziyati (SA, BAA, Quvayt yoki biror xarbiy rejim); b) hukumat amaldorlar tomonidan tuzilgan vaziyatlar; s) harbiy rejimlar tuzadigan texnokratik hukumatlar; d) vaqtli hukumat (favqullodda vaziyatlarda ma‘lum muddatga tuziladigan hukumatlar) va milliy birlik hukumatlari (ko’plab partiya vakillaridan keng asosda tashkil etiladigan hukumat). Hukumat funksiyalariga siyosiy kursni belgilash; ijtimoiylashuv; kadrlarni tanlash va saralash; siyosiy kommunikatsiya singarilar kiradi. Hukumatga muqobil nazariyalarga libertaristlar (jamiyatni fundamental huquqlarga ega odamlar birligi sifatida qaraydi va hukumatlar o’z zimmalariga qancha ko’p vazifa olsalar shu huquqlar shunchalik poymol etilishiga zamin yaratiladi, deb hisoblaydilar) va anarxistlar (jamiyat – tabiiy holatdagi o’zaro teng individlar birlashmasidir, hukumatlar va hokimiyat bunday birlashmalarni yemiradi va istibdod, hamda begonalashuvga olib keladi, deb hisoblaydilar. Ularning o’rniga ko’ngilli hamkorlik va tabiiy ittifoqlar zarur) kiradi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O’zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.