HARBIY STRATEGIYA

HARBIY STRATEGIYA — harbiy san‘atning eng oliy sohasi. Mamlakat va qurolli kuchlarni urushga tayyorlash nazariyasi va amaliyoti, urushni rejalashtirish va olib borish masalalarini o’z ichiga oladi, urush qonuniyatlarini tadqiq qiladi, strategik operatsiyalarni tayyorlash va o’tkazish usullari hamda shakllarini ishlab chiqadi, front, flot va armiyalarning maqsad va vazifalarini belgilab beradi, kuchlarni harbiy harakatlarmaydonlari va strategik yo’nalishlar bo’yicha taqsimlaydi. Harbiy strategiya davlat siyosati bilan uzviy bog’liq bo’lib, harbiy doktrina talablaridan kelib chiqadi. Siyosat Harbiy strategiya oldiga vazifalar qo’yadi. Harbiy strategiya esa ularning bajarilishini ta‘minlaydi. Harbiy strategiya iqtisod bilan jamiyatning iqtisodiy tuzumi, ishlab chiqarish, fan va texnikaning taraqqiyot darajasi bilan bog’liq. Harbiy strategiya qurolli kuchlar uchun yagona hisoblanib, tavsiyalarini bajarish uning barcha turlari uchun majburiydir. Harbiy strategiya, operativlik (tezkorlik) san‘ati va taktikaga nisbatan dasturiy rol o’ynaydi va ayni vaqtda ularning imkoniyatlarini hisobga oladi.