IJTIMOIY DAVLAT
IJTIMOIY DAVLAT — inson va fuqaroning iqtisodiy, ijtimoiy huquqlari va erkinliklarini, davlatning tegishli burchlarini kafolatlaydigan hamda fuqarolari uchun munosib turmush sharoitini yaratuvchi davlat hokimiyati shakli. Ijtimoiy davlat fuqarolarining barchasini qo’llab-quvvatlaydi, jamiyatda totuvlikni ta‘minlaydi. Uning vazifasi kam ta‘minlangan, qariya, nogiron, ishsizlar to’g’risida g’amho’rlikdangina iborat emas, balki barcha fuqarolarning erkin va farovon turmushlarini ta‘minlashdir. Ijtimoiy davlat g’oyasi ikkinchi jahon urushidan so’ng amaliyotga tadbiq etila boshlandi. Ijtimoiy davlat konstitutsion tamoyil sifatida 1947-yil Yaponiya Konstitutsiyasining 25-moddasida va yana Germaniyaning 1949-yil Konstitutsiyasi 20-moddasida bayon etildi. Keyingi yillarda bu tamoyil Italiya, Fransiya, Shvetsiya, Portugaliya, Ispaniya Konstitutsiyalarida aks etdi. Ushbu xususiyat davlat jamiyatga xizmat qilishini va asossiz ijtimoiy tafovutlarga barham berish yoki ularni mumkin qadar kamaytirishga harakat qilishni nazarda tutadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 14-moddasida ―Davlat o’z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko’zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi – deb, belgilab qo’yilgan. Ushbu umumiy qoidadan O’zbekiston davlatining quyidagi konstitutsiyaviy burchlari kelib chiqadi: mehnatni va fuqarolar sog’lig’ini muhofaza qilish; mehnatda haq to’lashning kafolatlangan eng kam miqdorini belgilash; oila, onalik, otalik va bolalik, nogironlar va qariyalarning davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanishini ta‘minlash; ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish; davlat pensiyalari, nafaqalar va ijtimoiy himoya qilishning boshqa kafolatlarini belgilash.