Aziz Abdurazzoq (1928-2007)
Taniqli shoir, tarjimon va muharrir Aziz Abdurazzoq 1928 yilda Toshkent shahrida tug‘ildi. Avval Madaniy-oqartuv texnikumida, keyin Moskvadagi Adabiyot institutida tahsil ko‘rdi. Ko‘p yillar yoshlar gazetasida (hozirgi “Turkiston”), “Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallarida adabiy xodim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib xizmat qildi.
Aziz Abdurazzoqning birinchi she’riy to‘plami “Do‘stlarimga” 1959 yilda nashr etilgan. Shundan buyon o‘tgan qariyb yarim asrlik ijodiy faoliyati mobaynida shoirning «Yana bahor» (1961), «Mavj» (1965), «Bodom gulladi» (1965), «Lirika» (1970), «Aziz odamlar» (1975), «Sho‘x yomg‘ir» (1977), «Qalb nuri» (1978) kabi bir qator she’riy to‘plamlari nashr etildi.
Aziz Abdurazzoq ayni chog‘da bolalar uchun ham ijod qilgan. Uning bolalar uchun «Oh, qanday shirin» (1.977), «Qiz va lola» (1979), «Tap-tap elak» (1981) kabi o‘nlab asarlari chop etilgan. Ularda beg‘ubor yoshlik manzaralari, goh quvnoq, goh kulgili, goh kinoyali tarzda o‘z ifodasini topgan. Kattalar uchun yozilgan asarlarida o‘zbek xalqining milliy xususiyatlarini ifodalovchi hazil-mutoyiba ba’zan achchiq kinoya bilan almashib turadi. Kitobxonga katta zavq-shavq bag‘ishlashdan tashqari, uni hushyorlikka, shijoatga chorlaydi.
So‘nggi yillarda uning «Yostiqdan chikqan ertaklar» (1988), «Bog‘da bitgan ertaklar» (1989), «To‘rt og‘ayni botirlar» (1989), «Ming chinor» (1995) she’riy to‘plamlari bosilib chiqqan.
Aziz Abdurazzoq M.Lermontov, T.Shevchenko va boshqa mashhur shoirlar she’rlarini, G.Longfelloning “Gayavata haqida qo‘shiq” dostonini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy Yorlig‘i bilan taqdirlangan.