MILLIY MAFKURA
MILLIY MAFKURA — hozirgi zamonning siyosiy mafkuralaridan biri. U kelib chiqishiga, mazmun-mohiyatiga ko’ra boshqa mafkuralardan quyidagicha farq qiladi: birinchidan, milliy mafkuralar dunyo mustamlakachilik tizimining yemirilishi, yosh mustaqil milliy davlatlarning tashkil, topishi vakillarni qaramlik doirasidan chiqarish, rivojlantirish zaruriyati bilan maydonga keldi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida G’arbiy Yevropa milliy hayotning uyg’onishini va milliy mafkuralarning gurkirab rivojlanishini o’z boshidan kechirgan edi. U hozirgi kunga kelib bu tendensiyalar sobiq SSSR va boshqa sotsialistik mamlakatlar o’rnida tashkil topgan respublikalarda yuz bermoqda. Ikkinchidan, milliy mafkuralar faqat ayrim ijtimoiy, irqiy, etnik guruhning, xalqning manfaatigina emas, balki mustaqillik uchun, milliy hayotni rivojlantirish uchun kurash olib borayotgan xalqlarning dunyoda tutgan o’rnini, turmush tarzini, orzu – umidlarini, intilishlarini, manfaatlarini aks ettiradi. Uchinchidan, milliy mafkuralar u yoki bu xalqlar qaramligining obyektiv negizlarini, ularni bartaraf etish va xaqiqiy mustaqillikka erishish yo’llarini ochib beradi. To’rtinchidan, milliy mafkuralar yosh, mustaqil davlatlar xalqlarining o’zligini anglashga, qaramlik doirasidan chiqishga, ularning chinakamiga erkin bo’lishiga, jahon hamjamiyatida munosib o’rnini topishga yordam beradi. Albatta, milliy mafkuralarning barchasi bir xil emas. Ularning ichida reaksion, soxta tabiatga ega bo’lgan, u yoki bu xalq uchun alohida sharoit yaratishga da‘vo qiladigan mafkuralar ham uchrab turadi. Biroq, milliy mafkuralarning aksariyati xalqlarning haqiqiy orzuumidlarini, intilishlarini aks ettiradi. Ular yosh davlatlarning xalqlariga qaramlik asoratlarini bartaraf etish va mustaqillikni mustahkamlash yo’llarini ko’rsatib g’oyaviy bayroq bo’lib xizmat qiladi.