PREZIDENT

PREZIDENT (lot. praesidens – oldinda o’tiruvchi) — 1) hozirgi ko’pchilik (respublika shaklida idora qilinadigan) mamlakatlarda saylab qo’yiladigan davlat boshlig’i. Parlamentar respublikalarda prezident parlament tomonidan saylanadi. Prezidentlik respublikalarida to’g’ridan-to’g’ri yoki bavosita saylov natijasida saylanadi. Prezidentlik lavozimi – siyosiy tabiatga ega; prezident vakolatlari muddati cheklangan. Prezidentlar konstitutsion va ijrochi bo’lishi mumkin. Konstitutsion prezident maqomi Konstitutsiya bilan belgilanadi. Bunga misol qilib Hindiston, Isroil, Germaniya prezidentlarini keltirish mumkin. Bu turdagi prezidentlar parlament respublikalari uchun xos bo’lib, ular asosan mamlakatni tashqi siyosatda taqdim etishga doir vazifalarni bajaradilar. Bu yerda ijro hokimiyati to’laligicha premer-ministr yoki vazirlar mahkamasi tomonidan boshqariladi. Ijrochi prezident o’zida davlat boshlig’i va hukumat boshlig’i lavozimlarini birlashtirgan shaxs va u ijro hokimiyatini to’liq nazorat etadi. Ijrochi prezident hokimiyati Konstitutsiya, parlament tomonidan cheklanishi mumkin. Bunday cheklovlar bo’lmagan hollarda mutloq prezidentlik boshqaruvi amal qila boshlashi va u bir kishining ustunligini o’rnatishi mumkin. Prezident jamiyatda bajaradigan asosiy funksiyalar: a) kafolot funksiyasi. Prezident Konstitutsiya, mustaqillik, davlat yaxlitligi, suverenitet, inson erkinliklari va huquqlarining kafolotidir. Fransiyada prezident sud organlari mustaqilligini kafolotlaydi. Bu funksiyaga ko’ra jamiyat aynan prezident jamiyat barqarorligi va Konstitutsiya amal qilishini ta‘minlashiga ishonadi; b) hakamlik — integrativ funksiyasi. Bu funksiyaning mavjudligi davlat hokimiyatining bo’linishi, ularning uyg’unlikda faoliyat ko’rsatishini ta‘minlash zarurati bilan izohlanadi. Buning uchun prezident munozarali masalani sud (Konstitutsion sud) e‘tiboriga qaratishi, saylovchilarga murojaat etib, referendum orqali ularning fikrini bilishi, parlamentni muddatidan avval tarqatib yuborishi mexanizmlariga tayanadi; c) nazorat funksiyasi. Bu funksiya hukumatning prezident oldida hisobotliligi, ba‘zi vazirliklarning bevosita davlat rahbariga itoat etishi, hukumatning me‘yoriy aktlarini bekor qila olishi huquqlari orqali amalga oshadi. BMTga a‘zo bo’lib kirgan 189 mamlakatning 140 dan ortigida Prezident lavozimi joriy qilingan (2000). Bunday boshkaruv shakli ilk bor 1787 yil AQSHda davlat va hukumat boshlig’i lavozimlarini bir shaxsda birlashtirish natijasida vujudga kelgan. U huddi shu yerda davlat boshlig’ini umumiy saylovlar orqali saylash an‘anasi kiritildi. Hozirgi kunda prezident — ko’pgina siyosiy tizimlarning ajralmas qismi. Ammo har bir davlat o’z prezidentining siyosiy hayotdagi o’rnini o’zi belgilaydi. Prezidentning siyosiy tizimdagi o’rni odatda Konstitutsiyada belgilab beriladi. O’zbekiston tarixida birinchi Prezidentlik lavozimi 1990 yil 24 martda ta‘sis etildi. 1991 yil 29 dekabrda esa alternativ asosda o’tkazilgan umumxalq saylovida I.A.Karimov O’zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylandi. 2) ayrim ilmiy va jamoat tashkilotlarida, partiyalar, jamiyatlar, uyushmalar (shu jumladan, xalqaro uyushmalarda ham) ijrochi organ boshlig’i.