PARLAMENTAR RESPUBLIKA
PARLAMENTAR RESPUBLIKA — boshqaruvning respublika shakliga ega bo’lgan davlat turi. Unda parlament siyosiy jihatdan o’ziga hisob beradigan hukumatni tuzadi; davlat rahbari bo’lgan, lekin ijro etuvchi hokimiyat huquqiga ega bo’lmagan prezidentni saylaydi va h.k. Parlament davlatda markaziy o’rinni egallaydi. Bunda davlat boshlig’i – saylanuvchi mansabdor shaxs – juda kichik vakolatlarga ega. Uning hukumatni tuzish va mamlakatni boshqarishda tutgan o’rni nomigagina ahamiyatga ega. U hukumatni boshqarmaydi, hukumatni Bosh vazir boshqaradi. Ammo hukumat uni tarqatib yuborishi mumkin bo’lgan parlament oldida javobgardir. Parlamentar respublikaga Italiya, Germaniya, Vengriya, Avstriya kabilar misol bo’la oladi. Bu mamlakatlarda, ya‘ni parlamentar respublikada parlament to’liq hokimiyatga ega bo’lib, uning oldida hukumat siyosiy javobgar hisoblanadi. Parlament prezidentni saylaydi. Bunda prezident faqat davlat boshlig’i bo’lib, ijro etuvchi hokimiyat boshlig’i hisoblanmaydi. Tabaqaviy vakillik organi sifatida u Angliyada XIII asrda paydo bo’lgan bo’lsada, davlat hokimiyatining mustaqil, qonunchilik va vakillik tashkiloti tarzda, zamonaviy mohiyatida XVII — XIX asrlarda shakllanib bo’ldi, hozirgi kunda parlament demokratik siyosiy tizimlarning ajralmas tarkibiy va funksional elementidir.