PARLAMENT SO’ROVI

PARLAMENT SO’ROVI — parlamentar davlatlarda hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratining shakllaridan biri. Parlament savollarini deputatlar og’zaki va yozma berishlari mumkin. Parlament reglamenti Parlament savollari berilishi mumkin bo’lgan qoidalarni, ularni kiritish tartibini, shuningdek, hukumat yoki alohida vazir javobni taqdim etishi lozim bo’lgan muddatni belgilaydi. Umumiy qoidaga ko’ra, Parlament savoliga javob Parlament savoli qanday shaklda (og’zaki yoki yozma) berilgan bo’lsa, shunday shaklda qaytariladi. Parlament savollari va hukumatning ularga javoblari (interpellyasiyadan farq qilib) hukumatga ishonchsizlik bildirish masalasini qo’yish uchun mustaqil sabab bo’lolmaydi. 2016-yil 11-apreldagi ―Parlament nazorati to‘g‘risida‖gi O’zbekiston Respublikasi Qonunning 14-moddasiga muvofiq, Qonunchilik palatasi, Senat davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament so‘rovini yuborishga haqli. Parlament so’rovini yuborish to‘g‘risidagi taklif Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun qo‘mitalar, fraksiyalar, deputatlar guruhlari tomonidan, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan, Senat ko‘rib chiqishi uchun esa, qo‘mitalar tomonidan, shuningdek Senat a‘zolari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan kiritiladi. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari parlament so‘roviga yozma javobni, agar boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, so‘rov olingan kundan e‘tiboran o‘n kundan kechiktirmay yuborishi lozim.