SIVILIZATSIYA

SIVILIZATSIYA (lot. civilis – fuqaroviy, ijtimoiy) — shakllangan va taraqqiy etgan madaniyatning muqarrar taqdiri. Sivilizatsiya kengaytirilgan miqyosdagi madaniyatdir. U ijtimoiy hayot shakllari ichida eng barqaroridir. Sivilizatsiya tushunchasi vujudga kelgan antik davrlarda ham, undan keyin kelgan o’rta asrlarda ham ―silvaticus, ya‘ni yovvoyi, qo’pol tushunchasiga qarama-qarshi qo’yilib, mohiyat jihatidan sivilizatsiyalashgan hayot tarsi yovvoyi, varvarcha hayot tarzidan keskin farqlangan. XVIII asrdan boshlab ―sivilizatsiya tushunchasi tarixchilar lug’atidan mustahkam o’rin egallab, keng ishlatila boshlandi. Sivilizatsiyaning turli nazariyalari yaratilishi ham shu davrga to’g’ri keladi va bu jarayon bugungi kungacha davom etib kelmoqda. Ayni paytda sivilizatsiyaga mavjud yangi qarashlar oldingilarini inkor etmay, balki ularni to’ldirib, ular bilan parallel holda mavjuddir. Sivilizatsiyalar nazariyasi va unga tarixiy-falsafiy yondoshuv masalalari XX asrda M.Veber, O.Shpengler, A.Toynbi, F.Brodel, K.Yaspers, shuningdek, N.Ya.Danilevskiy, K.N.Leontev, P.A.Sorokin asarlarida keng talqin etilib, hozirgi kunda ham olimlar tomonidan qo’llanilmoqda. Bu tushuncha: ijtimoiy rivojlanishning yovvoyilik va varvarlikdan keyin keladigan bosqichini; umuman kishilik jamiyati rivojlanishining ma‘lum bir bosqichi (masalan, neolit, nokapitalistik yoki hozirgi zamon sivilizatsiyasi); ma‘lum bir ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya; geografik jihatdan farqlanuvchi birliklar (masalan, Yevropa yoki Osiyo sivilizatsiyasi); diniy mansubligiga ko’ra, farqlanuvchi birliklar (masalan, xristian yoki islom sivilizatsiyasi); kelib chiqishi va planetar mansubligiga ko’ra farqlanuvchi birliklar (masalan, Yer sivilizatsiyasi, Yerdan tashqari sivilizatsiyalar); etnik asosga ko’ra farqlanuvchi ijtimoiy-madaniy birliklar (masalan, qadimgi Misr yoki Bobil sivilizatsiyasi) kabi ma‘nolarni ifodalash uchun qo’llanib kelmoqda.