SIYOSIY PARTIYA

SIYOSIY PARTIYA — a‘zolikka qabul qilishning ixtiyoriyligiga asoslangan, o’z a‘zolari va tarafdorlarining siyosiy irodasini ifoda etadigan, shu davlat siyosiy yo‗nalishini belgilashda, davlat hokimiyat organlarini shakllantirishda, shuningdek, hokimiyatni o’zining vakillik hokimiyat organlariga saylangan vakillari orqali amalga oshirishda ishtirok etishni o’ziga vazifa qilib olgan institutsional va doimiy faoliyat xarakteriga ega bo’lgan funksional siyosiy tashkilot. Partiyaning aniq yuridik ta‘rifi muayyan davlatlar qonunchiligida beriladi va ular mahalliy siyosiy va huquqiy an‘analarga ko’ra jiddiy farqlanishi mumkin. Siyosiy partiya jamiyat siyosiy tizimining muhim qismi, ular davlatning siyosiy yo‗nalishini belgilashda ishtirok etadi, hukumatning vakillik va ijro etuvchi muassasalarini shakllantiradi. Dastlabki Siyosiy partiya XVII-XVIII asrlar inqiloblari davrida paydo bo’la boshlagan bo’lsada, Siyosiy partiyaga o’xshash jamoa, tashkilotlar qadimdan mavjud edi. Afina geteriyalari, Rim optimat va populyarlari antik davrda Siyosiy partiya vazifasini bajargan. Markaziy Osiyoda Siyosiy partiya tuzish uchun tarixiy-ijtimoiy vaziyat XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida yuzaga kela boshladi. Jadidlar va ma‘rifatparvarlarning xalq orasida ma‘rifatni yoyib, uning siyosiy faolligini oshirish, ommani chor Rossiyasi tarkibida muxtoriyatga erishishga da‘vat qilish, o’lkada mustaqil milliy davlat yaratish masalasini o’rtaga qo’yish borasidagi harakatlari shundan dalolat berardi. Lekin ularning intilishlariga chor hokimiyati va mahalliy hukmdorlar boshdan qarshilik qildi. Oqibatda, mintaqada 1917-yilgacha bo’lgan davrda siyosiy, nazariy va tashkiliy jihatdan yetuk Siyosiy partiya shakllanib ulgurmadi. Oktabr to’ntarishi arafasida va undan keyin o’zini namoyon eta boshlagan siyosiy tashkilotlar va ularning rahbarlari qatag’onga uchradi, badarg’a va surgun qilindi. Sho’rolar davrida esa hukmron kommunistik partiyadan boshqa biron bir partiyani tuzish taqiqlandi. O’zbekiston Respublikasi mustaqil bo’lganidan so’ng Siyosiy partiyaning shakllanishi va faoliyat olib borishiga imkoniyat yaratildi. Mamlakatda hozirgi paytda 4 ta Siyosiy partiya (O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O’zbekiston ―Adolat sotsial demokratik partiyasi, O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi) mavjud. Bu Siyosiy partiya o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O’zbekiston Respublikasining ―Siyosiy partiyalar to’g’risidagi qonuni, boshqa qonun hujjatlari, shuningdek, o’z ustavi asosida amalga oshiradi. Siyosiy partiya tashkil etish huquqi Konstitutsiyaning 34-moddasida mustahkamlangan. Qonunga ko’ra, Siyosiy partiya fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish maqsadida, xohish-irodani erkin bildirish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish, a‘zolarining teng huquqliligi, o’zini o’zi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik asosida tuziladi va faoliyat ko’rsatadi. Lekin konstitutsiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi; O’zbekiston Respublikasi suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi; urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi; xalqning sog’lig’i va ma‘naviyatiga tajovuz qiluvchi; milliy va diniy ruhdagi partiyalarni tuzish va ularning faoliyat ko’rsatishi taqiqlanadi.