SEGREGATSIYA
SEGREGATSIYA (lot. segregacio – ajratish, chetlatish) — irqiy kamsitishning bir turi bo’lib, biron irq yoki etnik guruhni chegaralangan hududga majburlab yoki ixtiyoriy yo’l bilan ko’chirish yohud alohida maktablar, transport vositalari, xizmat ko‗rsatish korxonalari tashkil etish yoki bo’lmasa, boshqa diskriminatsiya choralari orqali ajratib qo’yish. Segregatsiya — diskriminatsiyaning alohida ko’rinishidir. Tarixda qonunlashtirilgan Segregatsiya hollari bo’lgan. Chunonchi, Segregatsiya AQSH janubida XIX asr 2-yarmining boshida negrlar ozod qilingandan so’ng XX asrda ham uzoq vaqt saqlanib turdi. JARda XX asrning 90- yillari boshigacha Segregatsiyaning eng yomon shakli — aparteid mavjud edi. Irqiy kamsitishning har qanday shaklini tugatish to’g’risidagi 1965-yilgi xalqaro konvensiyaga muvofiq, unda ishtirokchi davlatlar irqiy Segregatsiya va aparteidni qoralash bilan birga o’z hududlarida bunday tusdagi har qanday harakatga yo’l qo’ymaslik, taqiqlash va yo’qotish majburiyatini oldilar. Tarixda yahudiylar, negrlarga nisbatan Segregatsiya faol qo’llangan.